XVIII asrda Samarqandda yaratilgan noyob “aql quroli” Islom sivilizatsiyasi markazida!

🔴Oʻzbekistondagi ilk auksion uyi — “Art Vernissage” tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob artefakt hadya qilindi
Toshkent shahrida oʻtgan “Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro ekspertlar forumi doirasida mamlakatimizdagi ilk auksion uyi — “Art Vernissage” tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga XVIII asrga oid noyob artefakt — Samarqandda yaratilgan 1711 yilgi latun usturlob hadya qilindi.
21 sm uzunlikdagi ushbu ilm asbobi almashtiriladigan plastinalar bilan jihozlangan boʻlib, turli geografik kengliklarda qoʻllash imkonini bergan. Shu xususiyati tufayli usturlob oʻsha davrda koʻp maqsadli ilmiy qurilma hisoblangan.
Maʼlumot uchun: Usturlob islom dunyosida shunchaki astronomik asbob emas, balki ilm-fan taraqqiyoti, amaliy tajriba, diniy sadoqat va badiiy mahorati uygʻunlashgan ramz sifatida qadrlangan. U nafaqat astronomlar, balki sayohatchilar, dengizchilar va savdogarlar uchun ham ishonchli yoʻlboshchi boʻlgan.
Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy va Beruniy kabi buyuk olimlar asarlarida usturlobning tuzilishi va qoʻllanishini batafsil yoritgani bu asbobning islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini yanada yaqqol namoyon qiladi.
— Bu mukammal asbob ayniqsa XV–XVIII asrlarda dunyo miqyosida eng ilgʻor qurilma sifatida eʼtirof etilgan. Markaz ekspozitsiyasidagi mazkur usturlob islom dunyosi olimlarining yuksak bilim va mahoratini namoyon etib, barcha mehmonlarda katta taassurot qoldiradi, degan umiddamiz, — dedi “Art Vernissage” auksion uyi direktori Shavkat Sultonov.
Ushbu hadya Markaz ekspozitsiyasini yanada boyitdi va yurtimizdagi ilmiy-maʼrifiy muhit hamda madaniy muloqotni kuchaytirdi.
Eslatib oʻtamiz: joriy yilning 26–27 sentabr kunlari Markazda oʻtgan xalqaro forumda 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod mutaxassis — olim va tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, madaniy meros boʻyicha ekspertlar qatnashdi. Forumda IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi va Christie’s kabi nufuzli tashkilot vakillari maʼruza va tahlillari bilan ishtirok etdi.
Xalqaro jamoatchilik Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining insonparvarlik mohiyatini asrab-avaylash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish tashabbuslarini yuksak baholadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi