Rossiyalik olima: “Sivilizatsiyalar uygʻunligiga guvoh boʻldim”

Rossiya etnografiya muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Tatyana Yemelyanenko Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
— “Bir yil oldin bu yerda faqat qurilish maydonchalari, chang-toʻzon va bitmagan devorlar bor edi. Bugun esa – goʻzal va ajoyib manzara! Mana shu oʻzgarishlar men uchun haqiqiy moʻʼjiza boʻldi”, — dedi u.

Olimaning taʼkidlashicha, islom madaniyatini namoyish etadigan bunday markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon hamjamiyati uchun ham muhim ahamiyatga ega.
— Bu yerda islom madaniyatining eng yaxshi tomonlari jamlangan. Ayniqsa, ekspozitsiya islomgacha boʻlgan davrdan boshlanib, sivilizatsiyalar uygʻunligini koʻrsatishi menga juda maʼqul boʻldi. Bu juda toʻgʻri yondashuv, — dedi Yemelyanenko.
Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, markaz eksponatlarni mahalliy muzeylardan olib qoʻymagan, balki maxsus sotib olgani uni yanada qimmatli qiladi. Shuningdek, eksponatlar bilan zamonaviy interaktiv yechimlarning uygʻunligi Rossiyadagi muzeyshunoslar uchun ham oʻrnak boʻlishi mumkin.
— “Men bunday darajada uygʻunlashuvni hali koʻrmaganman. Barcha yaratuvchilarga katta rahmat”, — deya oʻz taassurotini yakunladi olima.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-27-sentabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi nufuzli xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 dan ziyod mutaxassis – olimu tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, madaniy meros sohasidagi ekspertlar qatnashdi.
Xalqaro miqyosdagi tashkilotlar – IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi va Christie’s kabi yetakchi ilmiy va madaniy institutlar vakillari oʻz maʼruzalari, tahlil va takliflari bilan ishtirok etishdi.
Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini saqlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga xalqaro jamoatchilik tomonidan katta eʼtirof bildirildi.
Ahamiyatli jihati, Forum doirasida Markazda 10 ta mavzuli shoʻʼba yigʻilishi tashkil etildi. Unda Qurʼon zali, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, ilm-fan taraqqiyoti, Renessans davrlari, muzey va kutubxona ishi, raqamlashtirish texnologiyalari, xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi