SAM FOGG galereyasidan oʻta qimmatli hadya: Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy topilmalar bilan boyidi!




Toshkentda oʻtkazilgan nufuzli xalqaro forum — «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi yana noyob artefaktlar bilan boyidi.

 

Markaz kolleksiyasiga SAM FOGG galereyasi tomonidan Temuriylar davriga oid haykaltaroshlik va amaliy sanʼat namunasi — 1450–1500-yillarda Eronda yaratilgan oʻyma naqshli bronza kosa taqdim etildi. Shuningdek, XIV asr oxirida Buxoro yoki Samarqandda ishlangan poʻlat plastinka ham ekspozitsiyadan joy oldi.



 

Yana bir qimmatli topilma — XX asr boshlariga oid metall iplar bilan bezalgan ipak chopon ham kolleksiyaga qoʻshildi. Maxsus parcha texnikasida tikilgan ushbu noyob asarning uzunligi 127 sm, koʻkrak aylanasi 92 sm, yeng uzunligi esa 164 smni tashkil etadi.

 

Ushbu artefaktlar nafaqat madaniy merosimizga bagʻishlangan ekspozitsiyani yanada boyitdi, balki tashrifchilarga oʻrta asrlar tarixiy muhitini jonli ravishda his qilish imkonini ham berdi.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26–27 sentabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida 20 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod mutaxassis ishtirok etgan nufuzli xalqaro forum boʻlib oʻtdi. IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi va Christie’s kabi nufuzli tashkilotlar vakillari forumda maʼruza va takliflari bilan qatnashdilar.

 

Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini saqlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari xalqaro miqyosda yuksak baholandi.

 

Markaz doirasidagi 10 ta mavzuli shoʻʼba yigʻilishida Qurʼon zali, islomdan oldingi davr sivilizatsiyalari, ilm-fan taraqqiyoti, Renessans merosi, muzey va kutubxona ishi, raqamlashtirish hamda xalqaro hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.