Safaviylar davriga mansub tarixiy buyum hadya qilindi




Toshkent shahrida oʻtkazilgan «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» forumi doirasida muhim madaniy voqea sodir boʻldi. Forum tadbirlari doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga Britaniyadan kelgan noyob eksponatlar topshirish tadbiri boʻlib oʻtdi. Noyob eksponatlar orasida MOMTAZ ISLAMIC ART kolleksiyasidan XVIII asr boshlariga oid noyob artefakt ham taqdim etildi.

 

Safaviylar davrida Eron hunarmandlari tomonidan ishlangan ushbu artefakt — oʻyma poʻlatdan yasalgan qand uchun marosimiy bolta hisoblanadi. Uzunligi 31 sm.ga yaqin boʻlgan buyum oʻsha davrda toʻy va tantanalarda shirinliklar olib kirish, ziyofatlarni bezashda qoʻllanilgan. U nafaqat maishiy buyum, balki oʻsha davr madaniy anʼanalari va turmush tarzining muhim belgisi sifatida katta ahamiyatga ega.



 

Artefaktni shaxsan taqdim etgan kolleksioner Irina Momtaz Islom sivilizatsiyasi markazi haqida yuksak fikr bildirdi:

 

— Sizning muzeyingiz dunyoda ilk bor barcha ashyolarni yaxlit holda, bir butun tarixiy manzarada namoyon eta olgan. Eksponatlar goʻyo tirikdek koʻrindi, bu holatni boshqa muzeylarda hech qachon koʻrmaganman, — dedi u.

 

Mazkur hadya markaz kolleksiyasini yanada boyitib, mamlakatimizda madaniy muloqot va maʼnaviy hayotda muhim voqea sifatida eʼtirof etildi. Artefaktning qoʻshilishi markaz ekspozitsiyasini yanada rang-barang qilib, islom sivilizatsiyasi bilan birga jahon madaniy aloqalarini ham keng yoritib berishi mumkin.


Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-27-sentabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi nufuzli xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 dan ziyod mutaxassis – olimu tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, madaniy meros sohasidagi ekspertlar qatnashdi. 

 

Xalqaro miqyosdagi tashkilotlar – IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi va Christie’s kabi yetakchi ilmiy va madaniy institutlar vakillari oʻz maʼruzalari, tahlil va takliflari bilan ishtirok etishdi.


 

Forumda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini saqlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga xalqaro jamoatchilik tomonidan katta eʼtirof bildirildi.

 

Ahamiyatli jihati, Forum doirasida Markazda 10 ta mavzuli shoʻʼba yigʻilishi tashkil etildi. Unda Qurʼon zali, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, ilm-fan taraqqiyoti, Renessans davrlari, muzey va kutubxona ishi, raqamlashtirish texnologiyalari, xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.