Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi yanada boyidi: bokulik olimadan qimmatli tuhfa




Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi yana bir qimmatli asar bilan boyidi. Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar instituti yetakchi ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori, dotsent Ruboba Shirinova Markazga oʻzining “Yusuf Davlatoʻgʻlining “Manzum fiqh” tarjima yodgorligi” nomli kitobini sovgʻa qildi.



 

Marosimda soʻzga chiqqan olim oʻz taassurotlarini bayon etar ekan, Oʻzbekistonga kelishi uning katta orzusi boʻlganini taʼkidladi:

 

“Bu markazda qadimiy qoʻlyozmalar, buyuk olimlar asarlari va zamonaviy texnologiyalar uygʻunligi meni hayratga soldi. Ayniqsa, sunʼiy intellektli qism — goʻyo oʻtmish olimlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilayotgandek taassurot qoldirdi”, — dedi u.

 

Ruboba Shirinova asarini sovgʻa qilishdan maqsadi bu markazda oʻzidan ham yodgorlik qoldirish ekanini qayd etdi. Shuningdek, u kelgusida qoʻshma tadqiqotlar va qoʻlyozmalar boʻyicha ilmiy hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.



 

Ozarbayjonlik olima Oʻzbekistonda saqlanayotgan asarlar bilan ularning institutida mavjud qoʻlyozmalar oʻrtasida oʻxshashliklar koʻpligini taʼkidlab, Ibn Sinoning “Al-Qonun” asari ustida ham tadqiqotlar olib borilayotganini maʼlum qildi.

 

Taʼkidlash joizki, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey va kutubxona, balki ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuv maydoni sifatida ham muhim ahamiyat kasb etishi kutilyapti.

 

“Sakkiz yil ichida bunday ulkan binoni bunyod etish katta mehnat talab qiladi. Bu yerda koʻplab insonlarning zahmati bor. Bu loyihani ishlab chiqqan meʼmorlar, uni barpo etgan, qurgan, bunyodkor insonlarning har biriga tashakkur bildiraman”, dedi u