“Bu kutubxona islom sivilizatsiyasi va ilm sohasida dunyoga oʻrnak boʻluvchi manba boʻladi” – Ayxan Tugʻlu
Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Millat kutubxonasi direktori Ayxan Tugʻluning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi yigʻilishda ushbu markazning ochilishi haqida maʼlum qilgani aslida butun dunyoga islom sivilizatsiyasining qayta yoyilishi nuqtai nazaridan juda muhim bayonotdir.
Ayxan Tugʻlu, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Millat kutubxonasi direktori:
– Avvalo, bunday markazning ochilayotgani Turkiya uchun ham nihoyatda faxrli. Oʻzbekistonda birodarlarimiz shunday markazni tayyorlab, ochayotganlari juda quvonarli.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi yigʻilishda ushbu markazning ochilishi haqida maʼlum qilgani aslida butun dunyoga islom sivilizatsiyasining qayta yoyilishi nuqtai nazaridan juda muhim bayonotdir. Qachonlardir Buxoriy, Ulugʻbek, Termiziy kabi buyuk zotlar shu tuproqlarda yetishib chiqqan. Ishonchim komilki, bu markaz orqali ham yangi olimlar, allomalar voyaga yetadi va dunyoga ibrat boʻladi.
Muzey qismini kezib chiqqanimizda juda koʻplab nodir asarlarni koʻrdik. Bu yerda shu yurtlarda yetishib chiqqan buyuk shaxslarning hayotini, Islom sivilizatsiyasini aks ettirishi, ularning yozgan asarlarining asl nusxalari saqlanishi — juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, mening soham boʻlgan kutubxona qismining ajoyibligini taʼkidlashim mumkin. Bu kutubxona Islom sivilizatsiyasi va ilm sohasida dunyoga oʻrnak boʻluvchi manba boʻladi.
Menimcha, bu joy dunyoning eng muhim markazlaridan biriga aylanadi. Islom sivilizatsiyasi, islom va ilm, madaniyat masalalarida butun dunyoga oʻrnak boʻlishiga ishonchim komil.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi