O‘zbekiston mahallalari bo‘ylab virtual sayohat tashkil etiladi

Qadimiy va boy tarixiy ildizlarga ega o‘zbek mahallalarining bugungi kunda jamiyat hayotida o‘rni beqiyosdir. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ayni kunda mamlakatda mahallalar o‘rni va ahamiyati o‘rganilishi, ularning raqamli katalogi yaratilishi reja qilingan.

 

Mutaxassislar tomonidan har bir mahallaning tarixiy, madaniy va ijtimoiy jihatlarini o‘z ichiga olgan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

 

Mahallalar tadqiq etilib ilmiy ishlanmalar, turli ko‘rinishda kontent va qisqa metrajli filmlar tayyorlanadi. Ulardan ekspozitsiya uchun 3D shaklida qiziqarli media mahsulotlar yaratiladi. Ekspozitsiyaga tashrif buyuruvchilar O‘zbekiston mahallalari bo‘ylab virtual sayohat qilish, mahallalar tizimida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan boxabar bo‘lishlari mumkin.

 

Ushbu loyihalar O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va xorijiy hamkor Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.