Dunyoning nufuzli galereyasidan noyob hadya
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi yana bir qimmatbaho artefakt bilan boyidi. Buyuk Britaniyadagi dunyoda oʻz nufuziga ega DAVID AARON galereyasi markazga begʻaraz ravishda noyob taqinchoqlarni taqdim etdi. Ular qatorida miloddan avvalgi birinchi mingyillikka tegishli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan oltin marjon, ellinistik davrga oid turkuaz va qora hoshiyali aqiqdan yasalgan marjon hamda aqiq toshlari qoʻllanilgan oltin marjonlar mavjud.
DAVID AARON galereyasi islomiy sanʼat va Markaziy Osiyo qadimgi buyumlari yoʻnalishida uzoq yillik tajribaga ega boʻlib, muzey darajasidagi ashyolarning ishonchli manbalardan olinishiga alohida eʼtibor qaratadi.
Galereya vakillarining taʼkidlashicha, taqdim etilgan ushbu uchta qadimiy taqinchoq qadimgi Ipak yoʻli tarixi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, Oʻzbekistonning boy madaniy merosini yana bir bor yorqin namoyon etadi.
– Marjonlardan ikkitasi miloddan avvalgi III–I asrlarga toʻgʻri keluvchi Ellinistik davrga tegishli. Ushbu davr zargarlik sanʼatining rivojlangan davri sifatida eʼtiborlidir. Yana biri esa undan ancha oldingi, ehtimol, miloddan avvalgi birinchi mingyillikda Baqtriya hududida yaratilgan boʻlishi mumkin. Bu taqinchoqlar turli ustaxonalarda ishlangan boʻlib, ularda turli mintaqalardan olib kelingan toshlar qoʻllangan, – dedi DAVID AARON galereyasi vakili Solomon Aaron.
Tarixiy manbalarga koʻra, bunday marjonlar qadimda hadya sifatida, ayrim hollarda esa pul oʻrnida qoʻllanilgan va zamonaviy Oʻzbekiston hamda qoʻshni hududlarda yashagan ajdodlarimiz tomonidan keng qadrlangan.
Galereya vakillari bu noyob artefaktlarni Oʻzbekistonga taqdim etishdan mamnuniyat izhor etdi. Mazkur hadya — mamlakat hududida yaratilgan tarixiy yodgorliklarni qayta tiklash, asrab-avaylash va jahon miqyosida targʻib etish yoʻlidagi muhim dasturning muhim qismidir.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-27-sentabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi nufuzli xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 dan ziyod mutaxassis – olimu tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, madaniy meros sohasidagi ekspertlar qatnashdi. Mazkur forum kun tartibi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga qator xalqaro muzeylar, nufuzli galereyalar va xususiy kolleksionerlar tomonidan oʻziga xos eksponatlar topshirildi.
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
