Eron Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Temurnoma” qoʻlyozmasining faksimile nusxasi chop etiladi

Toshkentda “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro forumda 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod olimlar, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etib, Prezident Shavkat Mirziyeyov tashabbusi boʻlgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan oʻrnatilayotgan hamkorlik aloqalari haqida maʼlumot berdi.

Gʻulomrizo Amirxoniy, Eron Milliy arxivi va kutubxonasi raisi:
– Bir oycha oldin Eron Milliy kutubxonasida ham Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi xonasi ochilgan edi. U yerda Oʻzbekistonning boy madaniy va sivilizatsiya merosi namoyish etilgan boʻlib, eronlik tadqiqotchilar ulardan foydalanishlari mumkin.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ham Eron Milliy kutubxonasiga ajratilgan xona tashkil etilishi kutilmoqda.
Bu tashabbusning ahamiyati shundaki, Eron va Oʻzbekiston kabi qadimiy davlatlarni madaniy rishtalar va umumiy meros bogʻlab turadi. Buyuk allomalar – Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino asarlarini butun insoniyatning faxridir. Shu xona tashkil etilishi ikki qardosh mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik va umumiy madaniy aloqalar ramzi sanaladi.
Biz bu yoʻnalishda koʻp yillardan beri ishlayapmiz. Qadimiy qoʻlyozmalarni saqlashning birinchi qadami – ularni aniqlash. Ayrimlari xonadonlarda yoki turli joylarda tarqoq holda saqlanmoqda. Ular aniqlanib, raqamlashtirilishi, zaruratda ilmiy-kimyoviy usullar bilan tiklanishi muhim. Eron Milliy kutubxonasida bu ishlar yillar davomida amalga oshirilib kelmoqda. Deyarli barcha qoʻlyozmalar, eski matbuot va hujjatlar raqamlashtirilgan. Endi bu tajribamizni Oʻzbekiston, ayniqsa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan boʻlishishga tayyormiz.
Kutubxonalar siyosiy masalalardan yiroq madaniy markaz sifatida turli sivilizatsiya va xalqlar oʻrtasida muloqot uchun qulay joy. Ayniqsa, islom mamlakatlarida umumiy til, din va muqaddas kitob hamkorlikni mustahkamlaydi.
Hozirgi muhim qoʻshma loyihalardan biri – Eron Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Temurnoma” qoʻlyozmasining faksimile nusxasini chop etishdir. U juda qimmatli asar boʻlib, koʻplab miniatyura va bezaklarga ega. Nasib qilsa, yaqin vaqtda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda nashr etamiz.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi