Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi




Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga qator xalqaro muzeylar, nufuzli galereyalar va xususiy kolleksionerlar tomonidan oʻziga xos eksponatlar topshirildi.

 

Artefaktlarni taqdim etish marosimi 26–27 sentabr kunlari oʻtgan «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» forumi doirasida “Sevimli” telemediamajmuasining konferensiya zalida boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning 20 dan ziyod mamlakati vakillari, jumladan 100 dan ortiq olim va ekspertlar qatnashdi.



 

Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov soʻzga chiqib, marosimni ochib berdi. 

 

– Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident tashabbusi bilan sakkiz yil avval asos solingan yirik ilmiy-maʼnaviy maskandir. Markazda ajdodlar merosi jamlanib, yoshlarga ibrat va olimlarga tadqiqot uchun imkoniyat yaratilgan.

 

Bugun u nafaqat koʻrkam bino, balki ilm, taʼlim va madaniyatni uygʻunlashtirgan koʻp funksiyali markazga aylandi. Shu munosabat bilan xorijiy ekspertlar forumi oʻtkazilib, ularning markaz rivojiga qoʻshgan hissasi alohida eʼtirof etildi, – dedi Shavkat Ayupov. 



 

– Prezident tashabbuslarini amalga oshirishda yuksak masʼuliyat va fidokorlik koʻrsatgan ustoz olimlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mingdan ortiq oʻzbekistonlik va yuzlab xorijiy olimlar birgalikda ulkan ishlarni amalga oshirdi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey emas, balki Prezidentimiz taʼkidlaganidek, buyuk maʼnaviy va ilmiy platformaga aylandi. Bu yerda madaniy merosni oʻrganish, saqlash va targʻib qilish uchun barcha sharoit yaratilgan. Loyihaning maqsadi — ajdodlarimiz merosini dunyoga tanitish, Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini koʻrsatish va tinchlik, maʼrifat gʻoyalarini targʻib etishdir. Bu maskan jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishning yorqin ramzi sifatida barpo etildi. Barcha hamkorlar va olimlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz, – dedi markaz direktori Firdavs Abduholiqov. 

 

Shundan soʻng xadyalar topshirish marosimi boshlandi. Jahonga mashhur kolleksiya va galeriyalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun qimmatli eksponatlar taqdim etishdi.

 

Tadbirning madaniy qismida mashhur sanʼatkorlar sahnada chiqish qildi. Sovgʻa beruvchilar esa sahnadan yoki onlayn tarzda ulanib, topshirilgan artefaktlarning tarixi va ahamiyati haqida maʼlumot berdi hamda Oʻzbekiston va ISM rahbariyatiga samimiy tilaklarini izhor etdi.


 

Mansur Muxtorzoda, kolleksioner (Buyuk Britaniya):

 

Toshkentda, yurtingizning qadimiy va boy sivilizatsiyasini ardoqlovchi nufuzli mehmonlar safida boʻlish men uchun beqiyos sharafdir. 


Men uchun bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga XVI asrda koʻchirilgan “Shohnoma” asari sahifalarini sovgʻa qildim. Shu orqali Oʻzbekistonning betakror, serqirra madaniyatini koʻrsatishga oʻz hissamni qoʻshayotganimdan xursandman.



Eng yirik sovgʻalar orasida Britaniyadan kelgan noyob eksponatlar alohida eʼtiborga molik:

 

DAVID AARON sanʼat galereyasi — islomgacha davrga oid taqinchoqlar;

 

MOMTAZ ISLAMIC ART galereyasi — Safaviylar davriga oid toʻy boltasi;

 

YACOBS GALLERY — Temuriylar davri keramika laganlari;

 

SAM FOGG kolleksiyasi — oʻrta asr metall va bronza buyumlari;

 

Doktor Firuza Melvill (Kembrij) — XX asr boshlariga oid gilam;

 

Mansour Gallery — XVI asr “Shohnoma” sahifalari.

 

Shuningdek, Rossiyaning “Medina” nashriyoti diniy mavzudagi asarlarni, oʻzbekistonlik xayriyachilar esa 20 ta meʼmoriy yodgorlik maketi, XVIII asrga oid astrolobiyalar, XIX–XX asr Qurʼon nusxalari, Kushon tangalari va turli xaritalarni taqdim etdi.


 


 

Alohida holda, ISM direktori Firdavs Abduholiqov oʻz shaxsiy oila kolleksiyasidan Vizantiya askarlariga tegishli V–VI asr oltin buyumlarini sovgʻa qildi.

 

Forumda TURKSOY, ICESCO, IRCICA va “Al-Furqon” kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.