“Butun dunyo uchun juda katta ahamiyat kasb etishiga ishonamiz“ – Ali Ilgar




“Outdoor Factory” kompaniyasining MDH mamlakatlari boʻyicha direktori Ali Ilgarning qayd etishicha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun dunyo uchun juda katta ahamiyat kasb etadi.




Ali Ilgar, “Outdoor Factory” kompaniyasining MDH mamlakatlari boʻyicha direktori:

 

– 5 yil oldin “Outdoor Factory” kompaniyasi qardosh mamlakatimiz Oʻzbekistonda faoliyat boshladi. Bu yerda Oʻzbekiston madaniyatiga munosib hissa qoʻshadigan katta loyihalarda ishtirok etdik.

 

Ular orasida eng muhimi — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Islomdan avvalgi davr” boʻlimining loyihasini ham, qurilishini ham amalga oshirdik.

 

Biz bu joyning butun dunyo uchun juda katta ahamiyat kasb etishiga ishonamiz. Bu yerda qadimgi davrlarni zamonaviy texnologiyalar orqali hikoya qilishga harakat qildik va dizaynlarimizda atrtefakt, noyob asarlarni diqqat markaziga qoʻyib, boshqa omillar bilan oʻsha davrni toʻliq aks ettirishga eʼtibor qaratdik.

 

Bu boʻlimning dizaynini kompaniyamizning boshqaruvchi hamkori Sinan Turaman amalga oshirdi. 

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining islomdan avvalgi davr boʻlimida maxsus vitrinalar, texnologik qurilmalar va kontentlar orqali bu yerdagi maʼlumotlar tashrif buyuruvchilarga yetkazilmoqda.


Boʻlimning eng eʼtiborli jihati, oddiy va zerikarli taqdimotdan koʻra, eshitish, koʻrish va qoʻl bilan ushlab, oʻsha davrni his qilish imkoniyatlari bilan boyitilgan.

 

Markazning islomdan avvalgi davr boʻlimiga kirish tosh davridan boshlanib, undan keyin Baqtriya, Xorazm, Buyuk ipak yoʻli, Sugʻd, soʻngra Fargʻona va Choch boʻlimlari hikoya qilinadi. Har bir boʻlim asl eksponatlar hamda raqamli elementlar orqali taqdim etildi. 

 

Ayniqsa, Fargʻona boʻlimida yaratgan yer ostidagi maketimiz va “jannatdan kelgan otlar” dizayni yoki immersiv zalda yaratilgan kontent kabilarda qoʻllangan yuqori texnologiyalar, interaktiv maydonlar bizga katta quvonch bagʻishlaydi. Chunki Oʻzbekistonda bundan oldin bunday yondashuvlarning namunasi boʻlmagan. Yangi avlodni ana shunday kontentlar bilan tanishtirganimiz hamda kelajak avlodlarga yetkazganimiz biz uchun faxrdir.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 8 yildan buyon bunyod etilmoqda. Markazdagi islomdan avvalgi davr boʻlimi dizaynini qisqa, yaʼni 2 oy davomida, talab qilingan vaqtgacha amalga oshirib, foydalanishga topshirganimizdan juda ham mamnunmiz. Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo islom olami uchun katta ahamiyatga egadir.