Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga nodir Qurʼon tuhfa qilindi




Toshkentda oʻtkazilgan xalqaro ekspertlar forumi doirasida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga Temuriylar davrining bebaho merosidan biri — Sheroz hokimi va mashhur xattot Ibrohim Sulton qoʻli bilan koʻchirilgan Qurʼonning faksimile nusxasi taqdim etildi.

 

Maʼlumki, Amir Temurning vorisi Shohrux Movarounnahr va Xuroson hududlarida hukmronlik qilgan boʻlib, uning farzandlari ilm va madaniyatga katta eʼtibor bergan. Shulardan biri — Ibrohim Sulton nafaqat adolatli hukmdor, balki yuksak mahorati bilan tarixda nom qoldirgan xushnavis sifatida tanilgan. Uning “xatti muhaqqaq” uslubida koʻchirgan Qurʼoni esa Temuriylar davri qoʻlyozmalari ichida eng nodir durdonalardan biri hisoblanadi.



 

— Bu asarning asl nusxasi hozirda Eronning Mashhad shahridagi Hazrati Imom Rizo ziyoratgohida joylashgan Oston Qudsi Razaviy kutubxonasida saqlanmoqda. Forumda taqdim etilgan faksimile nusxa esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondlarini yanada boyitadi, — dedi Eron Milliy arxivi va kutubxonasi raisi Gʻulomrizo Amirxoniy.

 

Tadbir davomida Oʻzbekiston va Eron islom respublikasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Unda qoʻlyozmalar va faksimile asarlarni oʻrganish, nashriyot sohasida tajriba almashish, mutaxassislar oʻrtasida ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlar belgilandi.



 

Shuningdek, memorandum doirasida ikki mamlakatda “Islom sivilizatsiyasi markazi xonasi” tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda bunday xona Tehrondagi Milliy kutubxonada faoliyat boshlagan boʻlsa, yaqin kunlarda  Islom sivilizatsiyasi markazida ham Eron Milliy kutubxonasi xonasi ochilishi rejalashtirilgan.