“Shunday markazlar orqali islomofobiyaga qarshi kurashishimiz mumkin” – Chengiz Tomar

Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktor oʻrinbosari Chengiz Tomarning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev davrida Oʻzbekiston dunyoga ochildi va oʻzida mavjud boʻlgan tarixiy sivilizatsiyani butun dunyoga tanitmoqda.
“Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi bu mintaqaning — Buyuk Turkiston, Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini koʻrsatishi jihatidan nihoyatda muhimdir”, deydi IRCICA vakili “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro ekspertlar forumi doirasida munosabatini bildirarkan.

Chengiz Tomar, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktor oʻrinbosari:
–– Janob Shavkat Mirziyoyev davrida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda katta oʻzgarishlar boʻldi. Oʻzbekiston dunyoga ochildi va oʻzida mavjud boʻlgan tarixiy sivilizatsiyani butun dunyoga tanitmoqda. Shuning uchun men juda xursandman. Janob Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida oʻz nutqida ayniqsa tinchlik haqida gapirdi.
Bugun, bilasiz, bizga dunyoda tinchlik kerak — Yaqin Sharqda ham, boshqa joylarda ham. Chunki tinchlik boʻlmasa, sivilizatsiya, boylik, farovonlik boʻlmaydi. Shukurki, Markaziy Osiyoda tinchlik mavjud va bu tinchlik rivojlanishga qanday hissa qoʻshayotganini koʻrib turibmiz.
XXI asrda islom-turk renessansi boʻladi, deb oʻylaymiz. Mana bu muzey ham shuning bir xabarchisi.
Muzey toʻliq tugallangach, juda goʻzal boʻladi. U islom sivilizatsiyasi va ayniqsa bu mintaqaning — Buyuk Turkiston, Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini koʻrsatishi jihatidan nihoyatda muhimdir. Chunki biz bilamiz: Ibn Sino, Xorazmiy, Fargʻoniy, Nasafiy, Termiziy, Buxoriy — bularning hammasi shu hududdan chiqqan zotlardir. Ammo biz ularni yanada kengroq tanitishimiz kerak.
Biz ham IRCICA tomonidan bu markazga oʻz hissamizni qoʻshdik. Bu yerda bizning bir xonamiz bor, biz oʻz nashrlarimizni, asarlarimizni, koʻrgazmalarimizni yubordik. Qoʻlimizdan kelganicha yordam beryapmiz.
BMT doirasida ham islom dunyosi va turk dunyosining ovozi koʻproq eshitilishi uchun yangi tashabbuslar zarur. Chunki hozir faqat besh davlat hal qiluvchi ovozga ega, lekin turk va islom dunyosining ovozi yetarli emas. Inshoolloh, kelajakda bu oʻzgaradi va bizning soʻzimiz ham BMTda kuchliroq boʻladi.
Aslida, bizning islom sivilizatsiyamiz nihoyatda buyuk. Ammo soʻnggi 20–30 yilda fundamentalizm, terrorizm kabi hodisalar paydo boʻlib, islomning jamolini va sivilizatsiyasini ommaviy axborot vositalarida yomon koʻrsatdi. Holbuki, islom dunyosi ham islom tarixiga, ham jahon tarixiga ulkan hissa qoʻshgan.
Shunday markazlar orqali biz islomning asl madaniy, ilmiy tomonini koʻrsatishimiz va islomofobiyaga qarshi kurashishimiz mumkin. Afsuski, oxirgi yillarda islomni “boshlari kesadigan terrorchilar” sifatida tasvirlash hollari koʻpaydi. Lekin islom bunday emasligini ana shunday markazlargina koʻrsatib bera oladi. Shu sababli, bunday markazlarga katta ehtiyoj bor. Shu bois men Oʻzbekistonni chin dildan tabriklayman, shunday imkoniyat yaratgani uchun.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi