Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Xalqaro hamkorlikda yangi bosqich: Memorandumlar imzolandi
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari va gʻoyalari asosida bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosdagi eʼtirofga sazovor boʻlgan, dunyo olimlari va mustaqil tadqiqotchilarni oʻziga jalb etayotgan ulkan ilmiy-maʼrifiy platformaga aylandi.
Sakkiz yillik qurilish va tashkiliy jarayoni, mutaxassislar, sanʼatshunoslar va madaniyat arboblarining hamkorligida amalga oshirildi.
Markazda namoyon etilayotgan 800 ga yaqin ilmiy va maʼrifiy loyiha islom madaniyati, ilmiy merosi, tarixiy qoʻlyozmalar va artefaktlar orqali mukammal shaklda aks etmoqda.
Alohida qayd etish lozimki, markaz kontentini yuksak darajaga olib chiqish va uning meʼmoriy koʻrkiga monand maʼnaviy yuksaklikka erishish maqsadida 2000 ga yaqin olim, xalqaro ekspert va dizaynerlar uzluksiz izlanish olib borishdi. Bugungi kunga qadar 100 ga yaqin xalqaro delegatsiya bu maskan faoliyati bilan yaqindan tanishib hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib kelishmoqda.
Ayni maqsadda joriy yilning 26-27-sentabr kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi nufuzli xalqaro forum boʻlib oʻtmoqda. Ushbu forumda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 100 dan ziyod mutaxassis – olimu tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, madaniy meros sohasidagi ekspertlar qatnashmoqda.
Xalqaro miqyosdagi tashkilotlar – IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi va Christie’s kabi yetakchi ilmiy va madaniy institutlar vakillari oʻz maʼruzalari, tahlil va takliflari bilan ishtirok etmoqda.
Forum, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini saqlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga xalqaro jamoatchilik tomonidan bildirilgan katta eʼtirofdir.
Ahamiyatli jihati, Forum doirasida Markazda tashkil etilgan 10 ta mavzuli shoʻba yigʻilishida Qurʼon zali, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, ilm-fan taraqqiyoti, Renessans davrlari, muzey va kutubxona ishi, raqamlashtirish texnologiyalari, xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.
Forumning 2-kunida tashkil etilgan yalpi majlisda esa mutaxassislar tomonidan muhokamalar natijalari doirasida taklif va mulohazalar tinglandi.
Ahmad Abdul Bosit, Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti — ISESCO vakili, qoʻlyozmalar boʻyicha mutaxassis:
–– Bu markaz Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Oʻzbekistonga kelib, ekspertlar darajasida maslahatlashuvlar oʻtkazib, tarix, iqtisodiyot boʻyicha chuqur oʻrganishlar olib borar ekanmiz, biz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdik. U hali rasmiy ochilmagan boʻlsa-da, lekin Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida bu haqda eʼlon qildi.
Albatta, ushbu markaz bilan yaqindan tanishish taklifi bizda katta qiziqish uygʻotdi va biz shu yerda boʻldik.
Bu yerda koʻplab ekspozitsiyalar bor, ular mehnat, saʼy-harakatlar evaziga qoʻlga kiritilgan. Oʻzbekiston Prezidenti bevosita bu jarayonda qatnashganini, aniq topshiriqlar berganini bizga tushuntirishdi. Bu – butun insoniyat taraqqiyoti yoʻlida qilingan ulkan mehnat. Ayniqsa bugungi notinch dunyoda bunday diniy, maʼrifiy, moʻʼtadil islom gʻoyalari juda muhim.
Chengiz Tomar, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktor oʻrinbosari:
– Biz islomiy-turkiy Renessans qaytishini kutyapmiz. Bugungi tinchlik va izchil rivojlanish muhitida Oʻzbekiston aynan tarixni tiklashda yetakchi oʻrinni egallab bormoqda.
Sulton Rayev, Xalqaro madaniyat tashkiloti (TURKSOY): bosh kotibi:
– Oʻzbekistonda islom madaniyati bilan bogʻliq bir necha ming yillik qadimiy oʻtmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam qilingani alohida ahamiyatga ega.
Bu Markazning noyobligi shundaki, bu yerga tashrif buyurgan har bir kishi islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, islom sivilizatsiyasi Oʻzbekistonda aynan ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼrifat asosida rivojlanganini, oʻzbek xalqi dunyo taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganini teran anglaydi.
Alikber Alikberov, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori:
–– Tarix va madaniyat — kelajakda muvaffaqiyat kafolati. Oʻzbekiston tanlagan modernizatsiya yoʻli tarixga tayanadi, bu esa uni barqaror qiladi.
Forum doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va qator xalqaro ilmiy hamda madaniy tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi. Eron milliy kutubxonasi, Qozogʻiston milliy muzeyi bilan xamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hujjatlar, markazning xalqaro maydondagi oʻrnini mustahkamlash, qoʻshma loyihalar, tadqiqotlar va koʻrgazmalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy va tashkiliy poydevor vazifasini oʻtaydi.
Damir Muhiddinov, Rossiya muftiylar kengashi raisi oʻrinbosari:
– Renessans mavzusi ham juda toʻgʻri, deb hisoblayman. Chunki biz birinchi, ikkinchi va uchinchi Renessans haqida gapirar ekanmiz, bu inson uchun kelajak yoʻnalishlarini belgilab beradi: u oʻz hayotini, farzandlari va nabiralari hayotini oʻzgarib borayotgan dunyoda qanday qurishi kerakligini koʻrsatadi. Islomning ana shunday ustuvor oʻrinni saqlab qolishi – muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining Birlashgan Millatlar Tashkilotida boʻlib oʻtgan 80-sessiyadagi nutqlari yaqqol dalildir.
Mixail Fradkov, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori
–– Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev islom dinining maʼrifatparvarlik mohiyati, bagʻrikenglik va tinchlik gʻoyalarini katta eʼtibor bilan yoritdi. Shu nutq menga katta taʼsir koʻrsatdi. Shu bois, ekspert sifatida Islom sivilizatsiyasi markazini shaxsan koʻrish va oʻrganish uchun Toshkentga keldim.
Bu markaz, meningcha, nafaqat diniy, balki madaniy, maʼrifiy va sivilizatsion ahamiyatga ega. U yerdagi ekspozitsiyalar, tarixiy dalillar va ilmiy yondashuvlar Islomning chinakam maʼnaviy va intellektual yuzini koʻrsatadi. Markaz — bu faqat Oʻzbekistonniki emas, balki butun insoniyat uchun xizmat qiluvchi ulkan maʼnaviy platforma.
Farxan Ahmad Nizami, Oksford universitetining Islom tadqiqotlari markazi rahbari:
–– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – bu shunchaki muzey emas. Bu – mafkuraviy, maʼnaviy va ilmiy uygʻonishning ramzi. Bu yerda olib borilgan ish – faqat tarixni namoyon qilish emas, balki kelajakka ruhiy poydevor qoʻyishdir.
Oʻzbekiston bugun oʻzining ilmiy va maʼrifiy ildizlariga qayta qaramoqda. Bu jarayon nafaqat milliy, balki regional va global ahamiyatga ega. Chunki bu markaz – butun islom olami uchun maʼnaviy hamda sivilizatsion platforma, ilm-fan va madaniyatni qayta jonlantirish markazi sifatida xizmat qilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida qator noyob artefaktlar, qoʻlyozmalar va tarixiy yodgorliklar Markazga rasmiy ravishda topshirildi. Bu esa, markaz ekspozitsiyasini yanada boyitib, uni dunyo miqyosidagi madaniy va maʼrifiy markaz sifatida yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!
