Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro forumi boshlandi.
 


2025 yil 26-27-sentabr kunlari Toshkent shahrida joylashgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtmoqda.


Mazkur nufuzli tadbirda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis – taniqli olimlar, muzey rahbarlari, kutubxonachilar hamda madaniy meros sohasidagi mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ular orasida IRCICA, Butunjahon islom ligasi, ICESCO, TURKSOY, milliy kutubxonalar va arxivlar, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari instituti, Oksford universiteti, dunyoning nufuzli autsion uyi – Christie’s va boshqa yetakchi tashkilotlar vakillari bor.
 






Xalqaro forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islomning asl insonparvarlik mohiyatini   saqlash   va   madaniyatlararo   muloqotni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab- quvvatlashga qaratilgan.


Sakkiz yil avval davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar tashkiloti minbaridan turib, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa sifatida eʼtirof etgan, “Islom dini insoniyatni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etishini” taʼkidlab oʻtdilar. Shu bilan birga Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning islom dinining maʼrifiy ahamiyatini insoniyatga tushuntirish borasidagi beqiyos xizmatlarini ham taʼkidlagan edilar.


2017 yil 23 iyunda Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi    Vazirlar    Mahkamasi    huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinishi bu yoʻnalishdagi ulugʻ qadamlardan biri boʻldi.


Bugun ish boshlagan xalqaro forum Oʻzbekistonda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy siyosatning mantiqiy davomi va ilmiy hamkorlikning yangi bosqichidir.


Prezidentimiz yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 80- sessiyasida soʻzlagan nutqida taʼkidlaganidek, “Jamiyatda bagʻrikenglik siyosatini izchil amalga oshirar ekanmiz, Oʻzbekiston maʼrifatli islom gʻoyalarini chuqur oʻrganish va ularni dunyoga keng targʻib qilishni davom ettiradi. Yaqin oylar ichida Toshkentda mintaqada yagona boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi. BMTda buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiylarning  boy  maʼnaviy  va  ilmiy  merosini taqdim etuvchi maxsus tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilgan.”


Markazning ochilishi arafasida tashkil etilgan mazkur xalqaro forum Prezident Shavkat Mirziyoyevning islomning asl insonparvarlik mohiyatini saqlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.


Forum qatnashchilari Markazning ochilishga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishmoqda hamda muzey ekspozitsiyasining yakuniy shakllanishi, ilmiy va taʼlimiy loyihalar, kolleksiyalarni raqamlashtirishning yangi yondashuvlari,    multimedia    texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari, jahon ahamiyatiga ega ilmiy- maʼrifiy va madaniy maydon sifatida shakllantirish masalalarini muhokama qilmoqdalar.


Shuningdek, tashrif buyurgan xalqaro olimlar Markaz ekspozitsiyalari doirasidagi 10 ta mavzuli shoʻʼba yigʻilishlarida oʻz fikr va takliflari bilan ishtirok etishdi. Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini qamrab olgan shoʻʼba yigʻilishlarida Muqaddas Qurʼon zali, islomdan oldingi sivilizatsiyalar, islom tarixi va uning yoyilishi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlaridagi ilm- fan va maʼrifat, xonliklar davri, kutubxona, muzey, qoʻlyozmalar va artefaktlar toʻplami, shuningdek, xalqaro hamkorlikdagi ilmiy va madaniy loyihalar uchun platforma yaratish masalalari muhokama qilinmoqda.
 


 
Ahmad Abdul Bosit, Islom dunyosi taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO vakili, qoʻlyozmalar boʻyicha mutaxassis:

 

–– Avvalo, bu Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurganimdan xursandman. Katta zavq oldim. Prezidentingizning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi nutqlarini tingladim. Bu juda qiziqarli, mazmunli nutq boʻlib, Islom sivilizatsiyasini eng oliy darajada aks ettirdi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev islom bagʻrikenglik va tinchlik dini ekanini taʼkidladi. Bu esa inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir. Chunki Tinchlik — Allohning goʻzal ismlaridan biridir.




 
Chengiz Tomar, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) direktor oʻrinbosari:

 

–    Biz islomiy-turkiy Renessans yana qaytishini umid qilamiz, ayniqsa Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda. Markaziy Osiyo bugun tinch va ravon rivojlanmoqda. Mintaqada oʻsish va taraqqiyot koʻrinmoqda. Aynan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davrida, mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, islom tarixi va sivilizatsiyasini yana buyuk qilish uchun tashabbuslar koʻrilmoqda. Bu juda muhim.
Buning uchun, avvalo, bizga tinchlik va xavfsizlik kerak. Keyin esa koʻp va jadal ishlash kerak, chunki biz biroz ortda qoldik va boshqa xalqlar bilan raqobat qilish uchun tezroq rivojlanishimiz kerak. Endi biz internet davrida, axborot texnologiyalari davrida, sunʼiy intellekt davridamiz. Bularning barchasi asosan Gʻarb dunyosida rivojlangan. Ammo biz ham tezlik bilan oldinga intilishimiz, tinchlik asosida va mintaqaviy hamkorlikda
 
— turkiy va islomiy mamlakatlar bilan birgalikda ishlashimiz kerak.
Shavkat Mirziyoyev janoblari va boshqa islomiy-turkiy mamlakatlar rahbarlarining tashabbuslari bilan dunyoga yana    tariximizdagi    shon-shuhratli    kunlarni, sivilizatsiyamizni, sanʼatimizni koʻrsatamiz.

 

 

Salim Ezer, Xalqaro madaniyat tashkiloti (TURKSOY) axborot va kommunikatsiyalar departamenti boshligʻi:

 

–    Birinchi taassurotim, aytishim mumkinki, hayratlanarli. Juda chiroyli joy. Sanʼat ixlosmandi sifatida va butun dunyo boʻylab shunday muzeylarni kuzatib boradigan odam sifatida ayta olamanki, bu joy oʻziga xos va betakror.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bu – Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevning imzosi. Va bu imzo yillar davomida yashab qoladi, yil sayin rivojlanib boradi. Bu markaz islom madaniyatining boyligini jahon ahli oldida namoyon etishga qaratilgan juda muhim qadam, mening fikrimcha.


Markaz faqat oʻtmishni eslatadigan emas, balki kelajak haqida soʻzlaydigan, yangi avlodlarga oʻzlarini bu yerda koʻrsatilgan ajdodlar merosining davomchilari sifatida his qilish imkonini beradigan maskan.


Yana bir jihati – eng nodir asarlar, qoʻlyozmalar, eksponatlar yuz yillardan soʻng Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu moddiy madaniyatning qimmatli qismini tashkil etadi.




 Damir Muhiddinov, Rossiya muftiylar kengashi raisi oʻrinbosari:

 

–    Muhtaram Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nufuzli Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan soʻzlagan nutqida islom va musulmonlar uchun juda muhim fikrlarni bildirdilar.
Avvalo, Prezidentingiz Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi kutilayotganini eʼlon qildilar va aynan maʼrifiy islomni rivojlantirish zarurligi haqida gapirdilar.
Bizningcha, bugun dunyoda 8 milliard odam yashaydi, shundan 2 milliard kishi islom diniga eʼtiqod qiladi. Islom qanday boʻlishi, uni qanday oʻqitishimiz, maktab va universitetlarda qanday oʻrganishimiz, masjidlardagi minbarlardan qanday targʻib qilishimiz, yoshlar ongida islomni qanday tasavvur etishimiz – bular juda muhim masalalar.
 
Agar yirik davlatning Prezidenti ana shunday fikrlarga eʼtibor qaratib, jamiyatga, islom olamiga, butun sivilizatsiyalashgan dunyoga “kelajak islomniki” degan xabarni bersa, unda madaniyat, ilm-fan va taʼlimga alohida oʻrin borligini taʼkidlab oʻtsa, bu juda katta ahamiyatga ega. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa bunga yaqqol misol. Ikki ming yillik musulmon madaniyati va sivilizatsiyasini jamlangan bu markaz islom madaniyatining naqadar chuqur ekanini koʻrsatib, zamonaviy usulda, zamonaviy shaklda tashrif buyuruvchilarga islom goʻzalligini yetkazib bera oladi.


Renessans mavzusi ham juda toʻgʻri, deb hisoblayman. Chunki biz birinchi, ikkinchi va uchinchi Renessans haqida gapirar ekanmiz, bu inson uchun kelajak yoʻnalishlarini belgilab beradi: u oʻz hayotini, farzandlari va nabiralari hayotini oʻzgarib borayotgan dunyoda qanday qurishi kerakligini koʻrsatadi. Islomning mana shunday ustuvor oʻrinni saqlab qolishi – bunga ham muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqlari ham, Islom sivilizatsiyasi markazning oʻzi ham yaqqol dalildir.




Alikber Alikberov, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori:

 

Aytishadiki, orqaga qaramaslik, faqat oldinga intilish kerak. Lekin, aslida, chuqur madaniy va sivilizatsion ildizlarga ega xalqlargina taraqqiyot dinamikasini koʻra oladi va barqaror rivojlanadi. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning 80-sessiyasida aytgan soʻzlari ayni paytda juda muhim: tarix va madaniyat — bu kelajakda  muvaffaqiyatli  va  ishonchli  rivojlanish imkonini beradigan asosiy poydevordir. Bu esa modernizatsiya jarayonlari mustahkam va izchil boʻlishining kafolatidir.

 

Har qanday rivojlanish sakrash bilan kechadi — bir bosqichdan ikkinchisiga. Bugun Oʻzbekiston tanlagan yoʻl — modernizatsiya, bunyodkorlik va taraqqiyot yoʻli — yanada mustahkamlanadi va samarali amalga oshadi. Bu yerda tarix va zamonaviylik oʻrtasidagi bogʻliqlik yaqqol namoyon: oʻtmishga tayangan holda kelajak strategiyalarini yanada ishonch bilan amalga oshirish mumkin. Hamma mamlakatlarda ham bunday strategiya yoʻq. Oʻzbekistonga esa omad kulib boqdi — chunki uning Prezidenti kelajakka intiladi va xalq manfaati yoʻlida rivojlanishni maqsad qiladi.

 

Men sizlarni Toshkent markazida, tarixiy Shoshda barpo etilgan ushbu betakror yodgorlik bilan tabriklayman. Islom sivilizatsiyasi markazi madaniy meros toʻplanadigan va asrab-avaylanadigan, chuqur oʻrganiladigan maskanga aylanadi. Eng muhimi esa — uni asrab-avaylash va anglashdir.




Berik Abdigaliuli, Qozogʻiston milliy tarix muzeyi direktori

 

–    Bu mega-loyiha boʻlib, u barcha bosqichlarni — birinchi, ikkinchi, uchinchi “inqilobiy bosqich”dan tortib, bugungi kungacha qamrab oladi. Oʻzbekiston bu yerda haqiqatan ham tashabbus  koʻrsatib,  qadimiy  davrlardan  to  hozirgi zamongacha boʻlgan tarixiy voqealar ketma-ketligini namoyish etmoqda.


Bunda oʻziga xos mantiq bor va menimcha, bu juda qiziqarli hamda alohida hurmatga loyiqdir. Bu mahalliy yoki etnik loyiha emas — bu xalqaro miqyosdagi tashabbusdir. Chunki anʼanaviy ravishda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yaqin Sharq bilan bogʻlanib kelgan, biroq hozirda Markaziy Osiyo ham oʻzining muhim hissasini qoʻshmoqda. Bu esa hurmat va qoyil qolishga sabab boʻladi.

 

Xalqaro forum Dasturi doirasida hamkorlik boʻyicha memorandumlar    imzolanishi,    Forum    yakuniy Deklaratsiyasining qabul qilinishi hamda Markazga artefaktlar topshirish marosimi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.


Forum yakunida Markazni rivojlantirishga doir aniq tavsiyalar ishlab chiqilishi, xalqaro koʻrgazmalar, tadqiqot va raqamli loyihalarning amalga oshirilishi belgilanadi.