Xalq dardini aytgan shoir merosi
🔴 Adolatsizlikka qarshi soʻz quroli – XIX asrda poraxoʻr amaldorlarni maxara qilgan Muqimiy hajviyoti eʼtibor markazida

Muhammad Aminxoʻja Muqimiy XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan mashhur, tanqidiy-haҗviy yoʻnalishda ijod qilgan xalqchil oʻzbek shoirilaridan biri. U oʻz davridagi amaldorlarning poraxoʻrligi, xalqning ogʻir ahvoli va mustamlakachilik tufayli yuzaga kelgan adolatsizliklarni sheʼr orqali fosh etgan. Uning “Tanobchilar”, “Saylov” kabi satiralari xalq ogʻzida qoʻshiqdek aylanib yurgan. Ammo shoirning oʻzi qashshoqlikda, madrasa hujrasining tor devorlari ichida yashadi. Ana shu taqdir uning sheʼrlariga samimiylik va xalqchillik ruhini yanada kuchaytirdi.
Hayot yoʻli va ijodiy muhit
1850 yilda Qoʻqonda tugʻilgan Muqimiy oddiy oilada ulgʻaydi. U Buxoroda tahsil olgan boʻlsa-da, moddiy tanglik va oilaviy muammolar uning hayotini ogʻirlashtirdi. Bu holatlar ijodiga kuchli taʼsir koʻrsatib, shoirni xalq dardiga hamdard etdi.
Lirikada xalq ruhi
Muqimiyning 11 ming misradan iborat merosi xalq ruhiyatining haqiqiy oynasi. Uning gʻazal va muxammaslarida ishq, baxt, zulm va adolatsizlikka qarshi ichki norozilik jonli ifoda etilgan.
Hajv — adolatsizlikka qarshi soʻz quroli
Shoirning hajviy sheʼrlari amaldorlarning poraxoʻrligi va xalq dardini ochiq-oydin koʻrsatdi. “Tanobchilar”da yer oʻlchovi bahonasida dehqonlarni qiynoqqa solish holatlari ochib berilgan. “Saylov”da esa mustamlakachilik tizimining adolatsizligi haqida yozilgan.
Yangi janr – “Sayohatnoma”
Muqimiy oʻzbek adabiyotiga sayohatnoma janrini olib kirdi. Qoʻqondan Fargʻona, Isfara va Shohimardonga qilgan safarlari haqida yozgan sheʼrlari tabiat manzaralari, xalq turmushi va zamon voqeliklarini yorqin tarzda aks ettirdi.

Muqimiy merosi – Islom sivilizatsiyasi markazida
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasida qoʻlyozma bayozlar va faksimilelar orqali shoirning haqiqiy merosi qayta tiklanmoqda.
Qoʻqon shahridagi madrasa hujra-muzeyi shoir hayoti va ijodiy muhitini koʻrsatadi.
“Soʻzki haq boʻlsa” hujjatli filmi va “Muqimiy” badiiy filmi orqali shoir merosi keng targʻib qilinadi.
Yangi nashrlar va dasturiy loyihalar uning ijodini keng kitobxonlar ommasiga yetkazishi kutilyapti.
Matnshunoslik ahamiyati
Muqimiy asarlari dastlab qoʻlyozmalarda tarqalgan, keyin esa turli tahrir va oʻzgarishlarga uchragan. Bugungi matnshunoslik tadqiqotlari uning haqiqiy soʻzini tiklashga xizmat qilmoqda.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi