Registon bunyodkori Amir Bahodir Yalangto‘shga bag‘ishlangan medialoyiha tayyorlanadi

O‘zISMda "Bahodir Yalangto‘sh – Ashtarxoniylar davri bunyodkori” medialoyihasi tashkil etiladi. Unda Bahodir Yalangto‘sh shaxsi, uning homiyligida barpo etilgan inshootlar, xususan Registon majmuasi meʼmorchiligi tadqiq etiladi, shu asosda maket va muzey ekspozitsiyasiga kontentlar tayyorlanadi.

 

Samarqand shahriga hokimlik qilganlar ichida shahar meʼmorchiligi va obodonchiligi, uning arxitekturasi va shaharsozlik muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shgan hukmdorlar anchagina. Ulardan eng taniqlilariga Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar kirsa, ularning safiga Ibrohim ibn Nasr Tamg‘achxon Qoraxoniy (1040-1070), Yalangto‘sh Bahodir (1576-1656) va Buxoro amiri Shohmurod ibn Doniyolni ham kiritish mumkin.

 

Yalangto‘sh Bahodir davri arxitekturasi davrida Amir Temur va Mirzo Ulug‘beklar davridan keyingi, O‘rta Osiyodagi xonliklar davriga to‘g‘ri kelib, o‘shanda Samarqand Buxoro xonligiga qarar edi. Biroq, Yalangto‘sh Bahodir Samarqandni mustaqil tarzda boshqarish sharafiga ega bo‘lgan va hokim sifatida erkin harakat qilgan.

 

Yalangto‘sh davrida Samarqandning avvalgi jome masjidi va madrasasi, yaʼni Amir Temurning jome masjidi va Bibixonim madrasasi buzilgan bo‘lib, shahar aholisi shunday masjid va madrasalarga muhtoj edi. Buning ustiga o‘sha davrda Registon maydonida Mirzo Ulug‘bek qurdirgan madrasa taʼmirtalab bo‘lib qolgan, Ulug‘bekning Mirzoi karvonsaroyi xaroba holida, Muqatta masjidi va Ulug‘bek xonaqosi esa butkul yo‘q bo‘lib ketib, ularning o‘rnida va hozirgi Registon maydonida shahar bozori joylashgan edi. Yalangto‘sh ushbu maydonni obod holga keltirish va shahar aholisining extiyojlaridan kelib chiqib, Ulug‘bek karvonsaroyining saqlanib qolgan qismi va poydevorlariga o‘zgartirishlar kiritadi. Bitta bino tarkibida ikkita imorat: jome masjidi va madrasa bunyod etadi (1641-1646 yy.). Masjid imorati qibla tarafga, madrasa esa uning sharq tarafiga qaratib avvalgi karvonsaroy poydevorlari ustiga quriladi. Masjid binosining bosh gumbazi shiftiga ishlangan naqshlarga tilla suvi yugurtirilib zarhallanadi (1660-yil) va shu boisdan ushbu bino “Tillakori masjid madrasasi” deb nom oladi.

Manba: zarnews.uz