Soʻfiylik sirlari, ilmiy meros va qadamjolar — hammasi bir joyda!
🔴 Samarqanddagi sirli maskan
🔴 Nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki maʼnaviyat, tarix va ilm uygʻonishi ramzi eʼtibor markazida!
Samarqandda bir maskan borki, unga kirgan inson oʻzini oʻtmish va kelajak orasida topadi.Bu yerda qabr ham bor, tarix ham, soʻfiylikning sirli falsafasi ham. U yerdagi har bir tosh, har bir goʻsha qalbga soʻzlaydi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu betakror maskanga butun dunyo eʼtiborini qaratishni maqsad qilgan.
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan “Mahdumi Aʼzam” majmuasi — nafaqat muqaddas ziyoratgoh, balki maʼnaviyat, tarix va ilm uygʻonishi ramzidir.
Bu maskan Naqshbandiya tariqatining yirik vakili, mutafakkir va maʼnaviyat peshvosi Maxdumi Aʼzam Kosoniy (Sayyid Ahmad Xojagi Dahbediy) nomi bilan bogʻliq. U jamiyat va siyosat hayotida ham faol ishtirok etgan, ilm, axloq va kamolot gʻoyalarini targʻib qilgan.
Majmua tarkibida Maxdumi Aʼzam qabri, uning avlodlariga mansub qubbali maqbaralar, masjid va xonaqoh saqlanib qolgan. Bu yerga har yili minglab ziyoratchilar, olimlar va sayyohlar tashrif buyurib, maʼnaviy ruh oladilar.
Maxdumi Aʼzamning «Sharhi al-valadu sirru abiyhi», «Asror un-nikoh» asarlarida ilm (zohiriy va botiniy) bilan axloq-odob birlashishi kerakligi, inson nafsining poklanishi, yaxshi xulq bilan yashash kerakligi haqida gʻoyalar berilgan.
Ushbu risolalarida Maxdumi Aʼzam faqat botiniy (ruhiy) ishlar bilan cheklanmoq emas, balki insoniyatga xizmat, halol mehnat, insonparvarlik kabi tashqi amallarning ham muhimligini taʼkidlaydi. Bu, tasavvufning hayotning barcha jihatlariga taʼsiri kerakligini koʻrsatadi.
Manbalarda qayd qilinishicha, hokimlar Maxdumi Aʼzamni oʻz piri, rahbari sifatida koʻrganlar va uning ibodatliligi, maʼnaviy huzuri bilan hokimlar ham qoʻllanganlar. Bu holat, soʻfiyning botiniy salohiyatining tashqi taʼsiri, odamlarga maʼnaviy rahnamoligini koʻrsatadi.
Toshkentda barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimiz islom tarixini, ilm-fan va maʼnaviyatda tutgan oʻrnini yoritishni maqsad qilgan. Ana shu maqsadning amaliy ifodasi sifatida markazda Maxdumi Aʼzam hayoti va taʼlimotiga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiya tashkil etilmoqda.
Bu yerda:
— qoʻlyozmalar, ilmiy asarlar va shaxsiy buyumlar namoyish etiladi;
— ziyoratgoh tarixi haqida interaktiv videokontentlar yaratiladi;
— ziyoratgohning 3D modeli orqali onlayn tarzda ham koʻrish imkoni yaratiladi.
Shu tariqa, “Mahdumi Aʼzam” majmuasi nafaqat tarixiy yodgorlik, balki maʼnaviy-maʼrifiy maktab sifatida, kelajak avlodlarga maʼnaviy ilhom bagʻishlaydi.
Goʻzal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

37,7 metrlik meʼmoriy moʻʼjiza: Ulugʻbekning asrlar oshgan ilmiy merosi endi Toshkentda porlamoqda!

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi
