“Bu markaz tarixni saqlaydi va kelajak avlodga yetkazadi” – xalqaro nufuzli mehmonlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi




    1 oktabr — “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Doʻstlik” ordeni sohibi, BAAdagi Xalifa fan va texnologiyalar universiteti prezidenti Dr. Ibrohim Al Hajri, Buyuk Britaniyaning “Cambridge University Press & Assessment”ning Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerika boʻyicha koordinatori King Stiven Richard, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti prezidenti Volfgang A. Xerrmann tashrif buyurdi.

 

    Markazda mehmonlarga olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqotlar va yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

 

    Tashrif davomida nufuzli mehmonlar markaz haqida iliq fikrlar bildirdi.

 

    Xususan, Dr. Ibrohim Al Hajri oʻz taassurotlarini quyidagicha bayon etdi:

 

“Bu bino — islom va adabiyot tarixini, shu zaminda tugʻilib, butun dunyoga ilm-fan merosini bagʻishlagan ulugʻ allomalar ruhini mujassam etuvchi goʻzal va ramziy inshoot. Biz hali ham Al-Xorazmiy, Ibn Sino singari allomalarning kashfiyotlaridan bahramandmiz. Bu markaz ana shu tarixni saqlaydi va kelajak avlodga yetkazadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan bu inshoot asrlar davomida islom olamiga ilm-maʼrifat nurini tarqatadi.”

 

    Tashrif ishtirokchilari markaz bilan tanishib, bugungi kunda Oʻzbekistonda maʼrifat va ilmga berilgan katta eʼtiborni yuqori baholadilar.