“Bu majmuani dunyoning sakkizinchi moʻʼjizasi deyish mumkin!” – ustozlar eʼtirofi
9 sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida taʼlim sohasidagi tub islohotlar, ularning amaliy natijalari va kelgusi ustuvor yoʻnalishlarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Davlat rahbari yana bir bor “Mamlakatimiz kelajagi bilimli avlod qoʻlida” ekanligini alohida taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda ana shu tamoyil asosida maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida yangi avlod dasturlari va oʻquv qoʻllanmalari joriy etilmoqda, ustoz va murabbiylarning fidokorona mehnati munosib qadrlanmoqda.
1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida yurtimizning turli hududlaridan kelgan ustozlar uchun chin maʼnoda unutilmas voqea roʻy berdi — ular poytaxtimizda barpo etilayotgan buyuk maʼnaviyat maskani — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov oʻqituvchi va murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan qutlab, ularga Prezident gʻoyasi va tashabbusi bilan bunyod etilgan majmuaning muzey ekspozitsiyasi haqida qisqacha tushuntirish berdi.
– Avvalo siz aziz ustozlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayramingiz bilan muborakbod etaman. Shuni alohida qayd etish kerakki, Hurmatli Prezidentimiz "Markazga tashrifni oʻqituvchilardan boshlanglar", deb alohida topshiriq berdilar. Tashrifingizdan mamnunmiz va poyqadamingiz qutlugʻ boʻlsin. Bu, albatta, biz uchun ham sharaf.
Majmuada bezak va pardozlash ishlari hali davom etmoqda. Majmua ochilgach, sizlarning boshchiligingizda boshqa oʻqituvchilar va oʻquvchilar ham kelib Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilayotgan mana shu katta majmuahaqiqiy oʻzbek xalqining gʻururi boʻlishiga ishonch hosil qilishadi, degan umiddamiz, – dedi Markaz direktori.
Bu maskan — tarixiy xotira, ilm-fan, tafakkur va maʼnaviyat uygʻunlashgan betakror markaz.
Ustozlarning bu yerga tashrifi chuqur ramziy maʼnoga ega — chunki ilm yoʻliga ilk qadam ustoz bilan tashlanadi. Markazdagi boy ilmiy meros va buyuk ajdodlarimiz tafakkuri bilan tanishish yosh avlodga bilim va ruhiy quvvat beradi.
Gulbahor Mirjalilova, Namangan viloyati Chust tumanidagi 52-sonli ixtisoslashtirilgan maktab oʻqituvchisi:
“Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo ilm ahli uchun muqaddas bilim manbai boʻladi. Markaz rasmiy ochilgach, men ham oʻquvchilarimni bu dargohga olib kelib, buyuk ajdodlarimiz merosi bilan tanishtirishni niyat qildim”.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti dotsenti Isoqtoy Jumanovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini bemalol sakkizinchi moʻʼjiza deyish mumkin.
“Biz dunyodagi yetti moʻʼjiza haqida bilardik. Bugun Islom sivilizatsiyasi markaziga kelib, koʻzimga yosh keldi — bu joyni bemalol sakkizinchi moʻʼjiza deb atay olamiz”, – deydi u.
Tashrif yakunida markaz rahbariyati tomonidan ustozlarga alohida hurmat va eʼtibor koʻrsatildi. Bu faqat tashrif emas, balki ustoz shaxsiga va ularning jamiyatdagi beqiyos oʻrniga bildirilgan yuksak eʼtirof boʻldi.
Ilm bilan yoʻgʻrilgan tarix, maʼnaviyat bilan toʻyingan kelajak bugun yangi sahifada, ustoz qadami bilan boshlanmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
