Oʻzbekistonga qaytayotgan bebaho meros




    Vatanimizning turli davrlarida jahonshumul sivilizatsiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho meʼmoriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho madaniy meros durdonalari bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli nuqtalari, xorij toʻplamlari, jamgʻarmalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ana shunday noyob madaniy meros yodgorliklarini yurtga qaytarish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning quyidagi maqolasida ana shu haqda soʻz boradi.

 

    Ajdodlarimizdan yetib kelgan  boy madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va uni ommalashtirish boʻyicha keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining buyuk gʻoyalari asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. 

 

     Davlat rahbarining yuksak eʼtibori

 

    Shu paytga qadar Prezidentimiz  tashabbuslari bilan  Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan jahonning turli hududlariga tarqalgan ana shu merosimizni oʻrganish boʻyicha 30 ga yaqin mamlakatdagi 200 dan ortiq muzey, kutubxona va kolleksiyalar oʻrganib chiqildi. Ushbu izlanishlar natijasi sifatida  “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumida 80 jilddan iborat kitob-albom chop etildi. 

 

    Biroq, bu tarixiy merosni asl vataniga – Oʻzbekistonga qaytarish mumkin boʻlarmikin, degan savol koʻpchilikka tinchlik bermagani tabiiy. Bugun Prezidentimizning tashabbuslari va koʻmagi bilan  Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi misolida  ana shu orzular amalga oshmoqda. 

 

    Joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu markazning muhim maqsad va vazifalariga alohida toʻxtalgan, jumladan, uning ekspozitsiyalarini xalqimizning boy madaniy merosi namunalari bilan boyitish, xorijdagi yirik kolleksiyalar, auksion uylari orqali shu osori-atiqalarni yurtimizga qaytarish boʻyicha alohida topshiriq  bergan edi. 

 

    Oʻtgan davr mobaynida Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya va Rossiyadagi 50 dan ziyod kutubxona, muzey, shaxsiy kolleksiyalar bilan tanishdik. Jumladan, bir qator olim va tadqiqotchilardan iborat hayʼatning  Buyuk Britaniyaga qilgan xizmat safarlari ham samarali kechdi. 

 

    Maʼlumki,   Buyuk Britaniya yirik  muzeylari, maʼrifat maskanlari, auksion markazlari bilan ham dong taratgan. Xususan,  “Sotbis”, “Kristis”  auksion uylari  shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatuvchi eng yirik savdo tashkilotlaridan  sanaladi. Har ikki auksiondan,  shuningdek, shaxsiy kolleksioner va  art-galereyalardan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun jami 600 ga yaqin tarixiy buyum sotib olindi. 

 

     Soʻgʻd matolarining eng katta kolleksiyasi

 

    Bu buyumlar orasida qadimgi Soʻgʻd hududiga taalluqli osori- atiqalar haqida alohida toʻxtalib oʻtish joiz. 

 

    Bundan uch yil avval Samarqandda oʻtkazilgan xalqaro kongressda Malayziya islom sanʼati muzeyi vakillarining  Oʻzbekiston hududiga tegishli boʻlgan soʻgʻd chakmoni haqida  bergan maʼlumoti katta shov-shuvga sabab boʻlgandi. Rossiya Davlat ermitajida saqlanayotgan soʻgʻdlar davriga oid metall idishlarga ham havas bilan qaraganmiz. Oʻzimizda ana shunday nodir eksponatlar yoʻqligidan afsuslanganmiz.

 

    Zotan, mamlakatimiz hududida ming yillar davomida turli millat va elatlar yashagan. Tarixiy jarayonlar natijasida oʻzbek xalqining shakllanishida muhim oʻrin egallagan qavmlardan biri –soʻgʻdiylar jahon madaniyatida munosib iz qoldirgan. 

 

    Endilikda ajdodlarimiz mehnati va tafakkuri mahsuli boʻlgan bu osori-atiqalar bilan tanishish uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kelishning oʻzi kifoya. Bugun Britaniya kolleksiyalaridan sotib olingan soʻgʻd toʻqimachiligi mahsuli Markaz  ekspozitsiyasini bezab turibdi. Bu buyumlar oʻz qiymati va qamroviga koʻra, jahondagi eng yirik soʻgʻd matolari kolleksiyasini tashkil qiladi. 

 

    Mazkur toʻplamdagi 25 ta nodir eksponatning 21 tasini turli kattalikdagi mato parchalari, toʻrttasini butun choponlar tashkil qiladi. Buyuk Britaniyadagi qator art-dilerlar va kolleksionerlardan sotib olingan bu matolar V-VIII asrlarda Soʻgʻdiyona hududlarida toʻqilgan. 



 

     Saljuqiylar kuch-qudrati timsoli 

 

    Markaziy Osiyo, xususan, Sirdaryoning quyi havzalaridan to Onadoʻliga qadar ulkan hududlarda saltanat qurib, uch asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hukmronlik qilgan Saljuqiylar oʻzlaridan juda katta moddiy va madaniy meros qoldirgan. Bugungi kunda jahon muzeylari, shaxsiy kolleksiyalar, qoʻlyozmalar markazlarida ushbu sulola davri bilan bogʻliq tarixiy meros salmoqli oʻrin tutadi.

 

    Shu yilning may oyida Londondagi “Kristis” savdo uyi tomonidan savdoga chiqarilgan saljuqiylar davri zargarlik namunalari ham Oʻzbekistonga qaytarib kelindi. 35 ta bejirim taqinchoqni oʻz ichiga olgan bu toʻplam bundan sakkiz asr ilgari ajdodlarimiz zargarlik sanʼati va dizayn sohasida ham peshqadam boʻlganlaridan dalolat beradi. 

 

    Saljuqiylar saltanati va kuch-qudrati ramzi boʻlgan shohona tugʻro  ham  Oʻzbekistonga qaytarildi. U harbiy yurishlar chogʻida sultonlar chodirining eng yuqori qismida oʻrnatilgan. Eʼtiborlisi, unda ikki boshli burgut tasviri aks etadi. 



 

    Burgut qadimdan hokimiyat, kuch va davlatchilik gʻoyasining asosiy ramzi sifatida talqin qilingan. Saljuqiylar davrida esa u saltanatning siyosiy qudrati, Sharq va Gʻarbga hukmronligini anglatgan. Taʼkidlash joizki, bunday durdonalar  Markaziy Osiyo mamlakatlarining hech birida uchramaydi. Shuningdek, Somoniylar, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar singari mintaqamizdan yetishib chiqqan va dunyoning katta hududlariga dovruq solgan sulolalarga tegishli osori-atiqalar ham birinchi boʻlib bizning oʻlkamizga olib kelinmoqda.

 

     Sohibqiron Qurʼonining bir boʻlagi

 

    Shuni faxr bilan taʼkidlash joizki, Amir Temur va temuriylarga tegishli tarixiy buyumlar dunyo antikvariat bozorida benihoya qadrlanadi. Yaqinda “Kristis” savdo uyi oʻtkazgan  bir kimoshdi savdosida Shohrux Mirzo davriga tegishli boʻlgan “Meʼrojnoma” asarining bir sahifasi 2 million funt-sterlingdan oshiq narxda sotilganidan xabar topdik. 

 

    Shu bois, biz ham Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid osori-atiqalarni yurtimizga qaytarishga astoydil bel bogʻladik. Ular orasida Amir Temur topshirigʻiga koʻra 1400 yillarda Samarqandda xattot Umar Aqtaʼ koʻchirgan ulkan Qurʼoni karimning bir parchasini alohida taʼkidlash joiz. 

 

    Rivoyatlarga koʻra, Umar Aqtaʼ dastlab Sohibqiron uchun uzukning koʻzidan joy oladigan kichik hajmdagi Qurʼon nusxasini koʻchiradi. Ammo buyuk hukmdor bu kichkina nusxa muazzam Kalomulloh shaʼniga munosib emasligi, aksincha uning muhtashamligi va buyukligini koʻrsatish lozimligini aytgach, xattot qisqa muddatda jahondagi eng katta Qurʼoni karim nusxasini hozirlaydi. 

 

    Nihoyat, Sohibqironning shaxsiy mulki boʻlgan ushbu Qurʼoni karim nusxasining ikkita  satrini  qaytarishga muvaffaq boʻldik. Holbuki, mamlakatimizda bevosita Amir Temurga tegishli tarixiy ashyolar qolmagan edi.

 

    Bundan tashqari Markazimizga Amir Temur davriga oid shohona chopon, Ibn Sinoning Husayn Boyqaro hukmdorligi davrida Hirotda koʻchirilgan “Kitob ush-shifo” asari,  Boburiylar davriga oid miniatyuralar, hujjatlar, tekstil namunalari, qilich va xanjarlar ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mulkiga aylandi. 

 

     Boburiylar merosi Vatanga qaytmoqda

 

    Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukmronlik qilgan Boburiylar jahon tarixi va madaniyatida munosib oʻrin egallagan. Afsuski, Boburiylarning ona Vatanida shu paytga qadar ularga tegishli na bir qoʻlyozma, na tayinli eksponatni koʻrish imkoni yoʻq edi. Endilikda, muhtaram Prezidentimiz koʻrsatmalariga asosan Boburiylar davriga oid oʻnlab  eksponatlar yurtga qaytmoqda. 

 

    Shu paytga qadar bu sulola davrida yaratilgan ikkita Qurʼon qoʻlyozmasi, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy” asari, boburiy hukmdorlar va shahzodalarning 10 ga yaqin miniatyuralari, kashtachilik va tekstil namunalari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Ular orasida tarixchi olimlar Mirzo Boburga shaxsan tegishli ekanini taʼkidlayotgan xirqa ham bor. 

 

    Maʼlumki, Qurʼoni karimdan turli duolar bitilgan bunday liboslar hukmdorlar uchun maxsus tikilgan. Xirqa matosida oʻnlab oyatlar va duolar xattotlik sanʼatining yuksak namunasi sifatida joylashtirilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuruvchilar Bobur Mirzoning shaxsiy dastxati, u yaratgan maxsus alifboda koʻchirilgan Qurʼoni karim nusxasini ham koʻrishlari mumkin. 

 

     Jahon nigohidagi xazinamiz

 

    7-8 iyul kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida “Sotbis” va “Kristis” auksion markazlarida Londonda mazkur artefaktlarning koʻrgazmalari tashkil qilindi. 

 

–Mamlakatingiz va xalqingizga tegishli boʻlgan bebaho boylikning bir qismi qaytarilayotgani  Oʻzbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa boʻlib, yosh  avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. Oʻz merosini qaytarishga yoʻnaltirilgan  bunday amaliy qadriyatlar madaniy uygʻonish uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qiladi, – dedi “Kristis” savdo uyi Vasiylik kengashi faxriy raisi, Snoudon grafi, Qirollik xonadoni vakili  Devid Armstrong-Jons.

 

–Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan Oʻzbekistondagi  Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, – dedi “Sotbis”  savdo uyining Sharq merosi boʻyicha vakili  Benedikt Karter. – Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega boʻlgan yodgorliklarning Vataniga qaytishiga koʻmaklashganimizdan mamnunmiz.

 

    Mazkur safar asnosida Londondagi taniqli  art-dilerlar, savdo uylari vakillari  bilan kelishuvlarga erishildi. Natijada Markaz muzeyi ekspozitsiyasi uchun auksion va art-dilerlar kolleksiyalaridan yana 600 ga yaqin eksponat saralandi. Bu roʻyxat mamlakatimiz hukumati topshirigʻiga koʻra tuzilgan nufuzli  Markaz ilmiy kengashi aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

 

    Xabaringiz bor,  19 fevral kuni yurtimizga kelgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Prezidentimizga   Kaʼba yopinchigʻi – Kisvaning bir parchasini topshirdi. Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra, ushbu nodir tuhfa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga keltirildi. Kaʼba eshigining yopinchigʻi  shu yilning yoz oylarida Prezidentimiz  tashabbuslari bilan Saudiya Arabistonidan olib kelindi. Ayni paytda bu nodir eksponat birinchi Renessans ekspozitsiyasida, Islom dinining Markaziy Osiyoga yoyilishi boʻlimida joylashtirildi.

 

     “Oʻzbekiston ulugʻ tarixga ega...”

 

    Joriy yilning 29 avgust kuni Prezidentimizning poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish asnosidagi tashrifi  markazimiz tarixidagi unutilmas voqealardan biri boʻldi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi jarayonlar  bilan tanisharkan, yakuniga yetayotgan markaz qurilishi yuzasidan qimmatli maslahat va tavsiyalar berdi. 

 

–Oʻzbekiston ulugʻ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan, – dedi Prezidentimiz. – Bu markaz bilan tanishgan har bir xorijlik mehmon shunday buyuk tarix va madaniyatga ega boʻlgan  oʻzbek xalqiga taʼzim bilan chiqib ketishiga ishonaman.

 

    Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu fikrlarini Markazga tashrif buyurayotgan mehmonlarning taassurotlari ham tasdiqlab turibdi. Mazkur tashrifdan hali koʻp oʻtmay turib, sentabr oyining birinchi oʻn kunligida xorijiy mamlakatlardan uchta yirik hayʼat tashrif buyurdi. Jahonning turli davlatlaridan kelgan martabali mehmonlar Markaz bilan tanishib, chindan ham xalqimizning bunyodkorligi va tafakkuriga, davlat rahbarining tashabbuslariga  tan berib ketishmoqda. 

 

    Oʻtgan haftada AQSh Prezidentining global sheriklik boʻyicha maxsus vakili Paolo Zampoli Markazimizga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi. 

 

–Prezident Janobi Oliylarini men buyuk yetakchi, halollik timsoli, tinchlik elchisi va Oʻzbekistonning uygʻonish davridagi chinakam lideri sifatida koʻrdim, – dedi Paolo Zampoli janoblari.

 

    Yaqinda  Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov, Turkiyaning yetakchi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi oʻrinbosari Zafer Sarikaya ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. 

 

    Aleksandr Beglov markaz faoliyati bilan tanisharkan, “faqat buyuk davlat rahbarlarigina oʻz Vatanining barhayot merosini oʻrganish va saqlash uchun ana shunday ulugʻ ishlarni amalga oshirishga qodir” degan fikrlarni bildirdi.

 

    Turkiyalik mehmon esa, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi turkiy tilli mamlakatlar uchun ham faxru iftixor manbai ekanini taʼkidlab,  ana shunday ezgu ishlarning boshida turgan Davlat rahbari – Shavkat Mirziyoyevdan benihoya minnatdor ekanini aytdi. 

 

    Zotan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va madaniy  islohotlarning yorqin  natijasidir.

 

     Ezgu maqsadlarga kamarbastalik

 

    Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining toʻlaqonli faoliyatini tashkil etish, uning ichki kontentini boyitish masalasi nafaqat umumilliy, balki xalqaro miqyosdagi megaloyihaga aylangan. 

 

    Taʼkidlash joiz, ana shu masalada 2024 yil yoz oylarida 600 dan ortiq olimlarimiz qatnashgan birinchi respublika forumi hamda 500 ga yaqin xorijiy olim ishtirokida xalqaro kongress tashkil qilingan edi. Ushbu anjumanlar yakuni boʻyicha olimlar davlatimiz rahbariga tashakkurnoma  yoʻllab, ilm-fan, maʼrifat, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish va targʻib etishda kamarbasta boʻlish, bir tan, bir jon boʻlib harakat qilishga soʻz berdi. Oʻz navbatida. Prezidentimiz ham Kongress ishtirokchilariga qaratilgan murojaatida biz bilan hamkorlik qilayotgan barcha  olimlar uchun  Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi eshiklari har doim ochiq ekanini taʼkidladi.

 

    Albatta, yuqorida zikr qilingan misollar amalga oshirilpyotgan ishlarning  kichik bir qismi xolos. Markazda tashkil qilinayotgan ekspozitsiyalar, kutubxonalar, konferensiya zali, laboratoriya, xalqaro tashkilotlar vakillari uchun maxsus xonalar, mahalliy va xorijiy olimlar uchun ilmiy platforma, bolalar hududi, xattotlik maktabi va boshqa jihatlar xususida ham uzoq gapirish mumkin. 

 

    Ayni paytda bugun biz – 1500 kishilik olim va ekspertlar jamoasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi  Vasiylik kengashi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ekspozitsiyalarimizni boyitish maqsadida  800 dan ortiq ilmiy innovatsion loyihalar ustida ish olib boryapmiz va  bu  yirik loyihani amalga oshirishda  ishtirok etayotganimizdan benihoya baxtiyormiz. 

 

    Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, xalqimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini namoyon qilishga qaratilgan bu yuksak  eʼtibor va gʻamxoʻrlik, yaratilgan shart-sharoit  uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Ishonamizki, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusi avlodlar uchun ham milliy iftixorimiz, maʼnaviy yutuqlarimiz ramzi  bulib qoladi.

 

Firdavs ABDUXOLIQOV, 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.