Buxoroda 400 yildan beri suvi qurimagan hovuz
🔴Tarixni suvda koʻrish imkoni
🔴XVII asr meʼmorlarining bugun ham hayratlantiradigan merosi
Buxoro — nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun Sharq dunyosining maʼnaviy markazi. Shaharning har bir koʻchasida tarix nafasi seziladi. Ana shunday betakror manzillardan biri — asrlar osha oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan Labi Hovuz majmuasidir.
Nega Labi hovuz?
“Labi Hovuz” fors tilidan “hovuz boʻyi” degan maʼnoni anglatadi. Bu tasodif emas – majmuaning markazidagi sunʼiy hovuz asrlar davomida shaharning ichimlik suvi manbai boʻlib kelgan.
XVII asrdan bugungacha
Labi Hovuz 1620–1623 yillarda amir Abdulazizxon davrida Nodir Devonbegi tashabbusi bilan barpo etilgan. Majmuani tashkil etuvchi asosiy binolar:
◾️Koʻkaldosh madrasasi – 160 dan ortiq hujraga ega yirik diniy taʼlim markazi
◾️Nodir Devonbegi xonaqosi – sufiylar ziyorati va marosimlar oʻtkazilgan joy
◾️Nodir Devonbegi madrasasi – dastlab karvonsaroy boʻlgan, keyin madrasaga aylangan
Hovuzning oʻlchami 42×36 metr boʻlib, 4300 kub metrgacha suv sigʻimi bor. Shahrud kanali orqali suv keltirilgan.
Madaniy hayot markazi
Bugungi kunda Labi Hovuz Buxoroning eng goʻzal maskanlaridan biri sifatida mahalliy aholi va sayyohlar uchun dam olish, konsertlar va madaniy tadbirlar markaziga aylangan. Atrofdagi koʻp asrlik tut va zulf daraxtlari yoz kunlarida salqin soya beradi.
Xoja Nasrullo Afandi haykali
Majmuaning yana bir oʻziga xos belgisi – xalq orasida hazil va donolik ramzi boʻlgan Xoja Nasrullo afandi haykalidir. U eshak ustida qoʻlini yuragiga qoʻygan holda, samimiy tabassum bilan tasvirlangan – sayyohlar uchun eng mashhur fotozona.
Labi Hovuz – maket va zamonaviy turizm markazi
Hozirgi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 80 dan ortiq tarixiy maketlar orasida Labi Hovuzning maketi ham tayyorlanmoqda. Bu nafaqat tarixiy merosni saqlash, balki yangi avlodga yetkazish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, Labi Hovuz atrofida mahalliy hunarmandlar mahsulotlari sotiladi, milliy oshxonalar faoliyat yuritadi, kechki konsertlar va jonli musiqa tadbirlari oʻtkaziladi.
Labi Hovuz – Buxoroning madaniy qiyofasi va sulh, sukunat, suhbat ramzi sifatida asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan yurak ohangi.
Goʻzal Beknazarova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
