Jamiyatdagi nufuz, obroʻ va madaniy inqilob ramzi
🔴 Asrlar osha kelgan qimmatli meros va uning hayratlanarli tarixi
🔴 Xitoy imperatorlariga sovgʻa qilingan noyob mato
Markaziy Osiyoning boy toʻqimachilik merosida zandanachi matosi alohida oʻrin tutadi. Bu mato nafaqat zeb-ziynat uchun ishlatilgan, balki asrlar davomida jamiyatdagi nufuz va obroʻ ramzi boʻlib kelgan.
Zandana qishlogʻidan jahon bozorlariga
Zandanachi nomi Buxoro yaqinidagi Zandana qishlogʻidan kelib chiqqan. Ilk bor shu yerda toʻqilgan ipak matolar keyinchalik Hindiston, Iroq, Eron, Xitoy va boshqa mamlakatlarga tarqalgan. Bu nom yuzlab yillar davomida oʻzgarmagan holda saqlanib kelayotgani uning qadimiyligidan darak beradi.
Bugun dunyo muzeylarida saqlanayotgan ayrim parchalar matoning naqadar obroʻli boʻlganini tasdiqlaydi. Masalan, Belgiyada saqlanayotgan ipak parchasida sugʻdcha yozuv saqlanib qolgani uning aynan Zandanadan chiqqanini isbotlaydi.
Qimmatli tovar va obroʻ ramzi
Zandanachi qadimdagi xalqaro savdoda eng qimmat tovarlardan biri boʻlgan. Narshaxiyning yozishicha, Buxoroda xalifa vakillari soliqlarni pulda emas, balki mato va gilam koʻrinishida yigʻishgan. Zandanachi shunchalik qimmat baholanganki, soliq miqdori bir parcha matoga teng boʻlgan.
Xitoyga yuborilgan zandanachi haqidagi maʼlumotlar esa Buxoro ipakchilik maktabining jahon miqyosidagi nufuzini namoyon qiladi.
Ustaxonalar, hunarmandlar va Yevropa bozori
X–XI asrlarda Buxoroda “Bayt at-Turaz” ustaxonasida nafaqat ipak, balki paxtadan ham zandanachi toʻqilgan. XIV–XVI asrlarga kelib esa, u Yevropa bozorlarida ommaviy savdo mahsulotiga aylanib, ayniqsa Boltiqboʻyida eng mashhur import matolardan biriga aylangan.
Madaniy meros sifatida
Zandanachi – bu oddiy mato emas, balki butun bir sivilizatsiyaning jonli guvohi. U Buxoro hunarmandlarining beqiyos mahorat va didi haqida soʻzlaydi. Shu bois dunyo muzeylarida u katta ehtirom bilan saqlanadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Londonning nufuzli auksion savdo uylaridan sotib olingan zandanachi matosining qadimiy namunasi namoyish etilib, mehmonlarni oʻrta asr Buxorosiga “sayohat” qildirib, xalqimizning boy merosidan bahramand qiladi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
