Oʻzbekiston – diniy erkinlik va bagʻrikenglik modelini taklif etmoqda

🔴 15 mamlakat vakillari Toshkentda: dinlararo muloqotning yangi bosqichi


🔴 Dinlararo muloqot, vijdon erkinligi va tinchlik masalalari muhokamada




    Bugun Toshkentda 15 mamlakatdan 50 nafarga yaqin yetakchi ekspert, dinshunos va siyosatchilar, xalqaro tashkilot vakillari “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumining ilk kunida dinlararo muloqot, vijdon erkinligi va tinchlik masalalarini muhokama qilishdi. 


     Shuningdek, forumning asosiy eʼtiboridagi masalalar:


◾️ dinlararo muloqot va bagʻrikenglik, 


◾️ vijdon erkinligini taʼminlash,


◾️ diniy kamsitishga qarshi kurash,


◾️ konfessiyalararo ishonchni mustahkamlash, geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan bir sharoitda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdan iborat boʻldi.


    Forum ochilishida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, IHT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Yusuf Aldobey, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoev, LYNC vakili Kris Saypl, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev va AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Xenik nutq soʻzladilar.



 

    Xalqaro forum doirasida turkiyalik jurnalist va yozuvchi Mustafo Akiyol 2022 yilda Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan birinchi forum doirasida qabul qilingan Buxoro deklaratsiyasining alohida ahamiyatini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, mazkur hujjatda har bir insonning fikr, vijdon va din erkinligi huquqi mustahkamlangan.


     Mustafo Akiyol, Turkiya: 

 

– Buxoro deklaratsiyasiga alohida qiymat bagʻishlaydigan jihat – bu davlat institutlari va diniy tashkilotlar oʻrtasidagi muvozanatga asoslangan sekulyarizm gʻoyasini qoʻllab-quvvatlashidadir. Bu eʼtiborga sazovor yondashuv boʻlib, demokratik institutlar va diniy tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmatga asoslangan.




    BAA Fatvo kengashi raisi shayx Abdulloh bin Baya qutlov videomurojaati bilan ishtirok etdi. U nutqida Oʻzbekistonning qabul qiluvchi tomon sifatidagi rolini yuqori baholab, turli deklaratsiyalarning dinlararo tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini taʼkidladi.


     Shayx Abdulloh bin Baya, BAA:

 

– Oʻzbekiston zaminida asrlar davomida Buxoro, Samarqand va Xiva kabi oʻziga xos sivilizatsion ilm-fan va madaniyat markazlari shakllangan. Xususan, u dunyoga mashhur allomalar – Imom Buxoriy, Ibn Sino va al-Xorazmiyning insoniyat tafakkurini rivojlantirish va jahon merosini boyitishdagi beqiyos hissasi bor. Birlashgan Arab Amirliklari Oʻzbekiston rahbariyatining tinchlik va bagʻrikenglik qadriyatlarini ilgari surish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.


    Spiker taʼkidlaganidek, diniy ozchiliklarga hurmat bilan munosabatda boʻlish – universal tamoyil hisoblanadi, dinlararo muloqotni takomillashtirish va vijdon erkinligini taʼminlash esa barcha millatlarning umumiy maqsadidir.


    Shu nuqtai nazardan, u Forumning xalqaro hamjamiyatni konstruktiv dinlararo hamkorlikni mustahkamlash, diniy taʼlimni rivojlantirish, siyosiy muloqotni qoʻllab-quvvatlash hamda diniy guruhlarni izolyatsiya qilish va mojarolarning oldini olish masalalarida birlashtirishdagi rolini alohida qayd etdi.




     Oʻzbekiston – dinlar va madaniyatlar uygʻunligi namunasi


    Shuningdek, AQShning Dallas okrugi musulmon jamiyati markazi rahbari imom Muhammad Majidning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston boy tarixiy merosga ega, turli dinlarning oʻzaro hamjihatlikda yashashining yorqin namunasi boʻlgan mamlakatdir. Uning soʻzlariga koʻra, bu yerda asrlar davomida masjidlar, cherkovlar va sinagogalar tinch-totuv joylashgan boʻlib, bu bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatning oʻziga xos muhitini aks ettiradi.


    Ushbu fikrni davom ettirar ekan, imom haqli ravishda Oʻzbekiston “Islom sivilizatsiyasi durdonasi” deb eʼtirof etilishini taʼkidladi. 

 

– Aynan shu zaminda bunyodkorlik va maʼnaviy taraqqiyot uchun shart-sharoit shakllangan, buyuk ilohiyotchilar va olimlar mehnat qilgan, fundamental ilmiy asarlar yaratilgan. Bu merosda Imom Al-Buxoriy, At-Termiziy va boshqa ulugʻ mutafakkirlarning xizmatlari alohida oʻrin tutadi, – dedi u.


    Soʻzining yakunida Muhammad Majid Oʻzbekistonning bugungi kunda diniy turizm markazi sifatidagi oʻrniga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda koʻplab amerikalik musulmonlar mamlakatga muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun kelishadi, shuningdek, oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda xalqaro konferensiyalar va ilmiy uchrashuvlarda faol ishtirok etishadi.




     Muhokamalarimiz kelajak avlodlar uchun yoʻl koʻrsatkich


    Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibining oʻrinbosari Yusuf Aldobey nutq soʻzlab, mazkur tadbirning alohida ahamiyatini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, forumni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekistonning muloqotni mustahkamlash, oʻzaro hurmat va dinlararo hamjihatlikka sodiqligini ifoda etadi.


    Yusuf Aldobey ayni paytda Oʻzbekiston rahbariyatining turli konfessiyalarning ochiq va tinch hamjihatlikda yashash muhitini shakllantirish borasidagi qarashlari zamonaviy “diniy bagʻrikenglik eroziyasi” sharoitida alohida dolzarb ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.


     Yusuf Aldobey, IHT:
 

– Biz uchun umumiy muloqot va gʻoyalar almashish maydonchasining yaratilishi, din va madaniyatlar oʻrtasidagi uygʻunlik va vijdon erkinligi masalalari boʻyicha, eng toʻgʻri vaqtda roʻy berdi. Bu forum har bir ovoz eshitilishi uchun noyob imkoniyat yaratadi.


    Yu. Aldobey forumning maqsadlari toʻliq ravishda IHTning 2025 yil uchun harakatlar rejasiga mos kelishini taʼkidladi. Jumladan, vijdon erkinligini qoʻllab-quvvatlash, muloqot va hamkorlik orqali dinlararo uygʻunlikni rivojlantirish, shuningdek, qabul qilingan deklaratsiyalarni amaliy hayotga tatbiq etish shular jumlasidandir.


    IHT Bosh kotibi oʻrinbosari Toshkentdagi muhokamalar aniq tavsiyalar ishlab chiqilishiga, samarali monitoring mexanizmlari yaratilishiga va xalqaro hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilishidan ishonch bildirdi. 

 

    “Bizning muhokamalarimiz bu yerda, Oʻzbekistonda, kelajak avlodlar uchun yoʻl koʻrsatkich boʻlib, oʻzaro tushunish, hamkorlik va tinchlikka hissa qoʻshadi”, – deya taʼkidladi u.




     Muhim hujjat imzolandi


    Forum davomida SMTI va Amerikaning “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat tashkiloti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat diniy eʼtiqod erkinligi va diniy bagʻrikenglikni ilgari surish boʻyicha kelgusida birgalikda ish olib borish uchun huquqiy asos yaratadi. 


    Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yilda ilgari surilgan BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratiladi.


     Uyeyd Kyuzak, LYNC rahbari:

 

– SMTI bilan hamkorlik shunchaki yaxshi gʻoyalarni muhokama qilish emas, balki bu gʻoyalar jamiyatda qanday amalga oshirilishi mumkinligi va amalga oshirilishi kerakligini amaliy rivojlantirishdan iborat. Toshkentdagi “Deklaratsiyalar muloqoti” forumi shunchaki suhbat emas, balki Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarning diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash sohasidagi modellarini amalda joriy etishdir.


    Forumda Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik sohasidagi tajribasi alohida qayd etildi. 


    11–13 sentabr kunlari Samarqandda sayyor tadbirlar, seminarlar va amaliy uchrashuvlar oʻtkaziladi. Forum yakunida esa jahon hamjamiyatiga murojaat qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unda diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish, kamsitishga qarshi kurash, bagʻrikenglik va tinchlikni targʻib qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar jamlanadi.


     Eslatib oʻtamiz: Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda AQShning “LYNC” (“Love Your Neighbor Community”) nodavlat tashkiloti hamkorligida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida tashkil etilgan.


    Yirik anjumanda 15 mamlakatdan 50 nafarga yaqin yetakchi ekspert, dinshunos va siyosatchilar, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida Islom hamkorlik tashkiloti, Jahon musulmonlari ligasi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, BAA va Saudiya Arabistonidan nufuzli delegatsiyalar bor.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati