Millat taqdirini oʻzgartirgan avlod
🔴 Ozodlik yoʻlida asosiy qurol — taʼlim! Jadidlar sabogʻi
🔴 Rossiya maʼmuriyatini bezovta qilgan turkistonlik talabalar
XX asr boshlarida Turkiston jamiyatida yangi uygʻonish davri boshlandi. Bu jarayonda jadidlar harakati maʼrifat va ozodlik uchun kurashning asosiy kuchi sifatida namoyon boʻldi. Ular maktablar ochish, yoshlarni xorijda oʻqitish, yangi bilimlarni vatanga olib kirish orqali butun millat taqdirini oʻzgartirishni maqsad qildilar.

“Ittifoq al-muslimin”dan Istanbulgacha
1905 yil 15 avgust kuni Nijniy Novgorodda boʻlib oʻtgan 1-Butunrossiya musulmonlari qurultoyida musulmonlarni birlashtirish gʻoyasi asosida “Ittifoq al-muslimin” tashkil etildi. 1906 yilda Sankt-Peterburgda oʻtgan 2-qurultoyda bu gʻoya rasmiy ravishda tasdiqlandi. Shu paytdan turkistonlik ziyolilar ham taʼlimni zamonaviylashtirish va yoshlarni xorijga yuborish ishlariga jiddiy kirishdilar.
Jadidlar asosan Usmonlilar saltanatini tanladilar. Chunki til yaqin, din bir va Turkiyada Yevropa ilm-fani tez oʻzlashtirilgan, taʼlim tizimida dunyoviy fanlar yoʻlga qoʻyilgan edi.

Ilk jamiyatlar va xayriya harakatlari
1909 yilda Buxoroda Abdulvohid Munzim, Hamidxoʻja Mehriy, Mukammil Burhonov va boshqa maʼrifatparvarlar “Tarbiyayi atfol” jamiyati tashkil etilib, yoshlarni Istanbulga oʻqishga yuborish boshlandi. Keyinchalik talabalar oʻz yoʻldoshlariga yordam berish uchun “Buxoro taʼmimi maorif” jamiyatini tuzishdi.
Ulardan koʻzlangan maqsad — yangi usul maktablarini takomillashtirish, darslik va qoʻllanmalar tayyorlash edi. Bu jamiyat yuzlab iqtidorli yoshlarni Turkiyaga yuborishda katta hissa qoʻshdi. Buxorolik talabalarning Istanbulda turli ziyolilar bilan uchrashuvlari Rossiya imperiyasi maʼmuriyatini jiddiy tashvishga solgan. Xatto amir Abdulahadxon Nikolay II ga ular “faqat tahsil olish uchun ketishgan” deb hisobot bergan.
Jadidchilik faqat Buxoro bilan cheklanib qolmadi. 1901 yilda Munavvarqori Abdurashidxonov Toshkentda ilk jadid maktabini ochdi. Uning tashabbusi bilan 1909 yili “Jamiyati imdodiya” tashkil etilib, koʻplab yoshlar xorijda oʻqish imkoniga ega boʻldi. 1916 yili esa Qoʻqonda “Gʻayrat” jamiyati tuzilib, aholi orasida kitob va matbuot tarqatish, yangi maktablarni darslik va oʻquv qurollari bilan taʼminlash bilan shugʻullandi.

Millatga xitob va chaqiriq
Istanbulda tahsil olayotgan turkistonlik talabalar «Oyina» jurnalida “Turkistonlilarga xitob” nomli murojaatnomalarini eʼlon qilib, xalqni uygʻonishga, jaholatdan qutulishga daʼvat etdilar. Unda:
“Ey, turkistonli birodarlar! Koʻzingizni oching, dunyoni biling, jaholat ichida qolgan millatimizni qutqarmoq kerakdur!” — deb chaqiriq yoʻlladilar.
Mustamlakachilarning xavotiri
Jadidlarning bu faoliyati mustamlakachilarni bezovta qildi. Samarqandda Abduqodir Shakuriyning maktabi tekshiruvdan oʻtkazildi, Toshkentda Munavvarqoriga qarshi turli ayblovlar qoʻyildi. General-gubernatorlik jadidlarning turk ziyolilari bilan aloqalarini cheklashga urinishdan toʻxtamadi. Shu tariqa, jadidlar tuzgan taʼlim jamiyatlari — “Tarbiyayi atfol”, “Buxoro taʼmimi maorif”, “Jamiyati imdodiya”, “Gʻayrat” kabi tashkilotlar millat taqdirini oʻzgartirar darajada ulkan ahamiyat kasb etdi. Ular uchun asosiy qurol — taʼlim, asosiy maqsad esa — taraqqiyot va ozodlik edi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi