Oʻzbek sheʼriyatining faxri va xalqaro eʼtirof timsoli




    Oʻzbek sheʼriyati tarixida Zulfiya Isroilova oʻziga xos ovozi, yuksak badiiy saviyasi va insoniylik fazilatlari bilan chuqur iz qoldirgan shoiralar safidan munosib oʻrin olgan. Uning asarlari qalbni titratadigan samimiy tuygʻular, Vatanga sadoqat, ayol qadri va insoniy muhabbat bilan yoʻgʻrilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

 

    Zulfiyaxonim ijodi nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun turkiy dunyo va xalqaro adabiy jamoatchilik tomonidan ham yuksak eʼtirof etilgan.

 

    Mashhur ozarbayjonlik shoira Marvarid Dilbozi Zulfiya haqida shunday degan:

“Ajoyib tabiatli kishilarni koʻrganimda nodir inju topgan kishi kabi quvonaman. Zulfiyaxonim – siz men uchun ana shu nodir inju va goʻzal insonlardansiz.”

 

    Rus adibi va tarjimon Konstantin Simonov esa shoiraning asarlariga yuqori baho berib, shunday taʼkidlagan:

 

“Zulfiya sheʼrlari – insoniylik, beqiyos, otashin muhabbat sheʼrlaridir. U latofatli va bir vaqtning oʻzida mustahkam irodali shoira edi.”

 

    Taniqli boshqird shoiri Mustay Karim esa quyidagicha eʼtirof bildirgan:

 

“Zulfiya – sheʼriyatning oʻzi. Uning sheʼrlari qalbimni rom etgan va milliy madaniyatimizning uzviy qismiga aylangan.”

 

    Buyuk qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ham uning shaxsiyati va ijodiga yuksak baho berib, shunday degan:

 

“Zulfiya – nafaqat sheʼrlarida, balki hayotida ham mukammal shaxs timsolidir.”

 

    Kabardin-bolqor shoiri Qaysin Quliyev esa uning insoniy yuksak fazilatlarini alohida taʼkidlab, shunday yozgan:

 

“Zulfiya – yer yuzidagi barcha oliyjanob ishlarga qalbi ochiq boʻlgan qudratli va oliyjanob inson.”

 

    Shu bilan birga, Zulfiya xalqaro maydonda ham munosib eʼtiroflarga sazovor boʻlgan. Jumladan, u “Nilufar” xalqaro mukofoti sohibasi hamdir. Mazkur mukofot Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilari assotsiatsiyasi tomonidan 1967 yildan boshlab adabiyot sohasidagi yutuqlar, shuningdek, Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun beriladi. Oʻzbekistonda Zulfiya bilan bir qatorda K. Yashin va S. Azimov ham ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan.

 

    Ushbu eʼtiroflar Zulfiyaxonimning nafaqat oʻzbek adabiyotida, balki xalqaro adabiy maydonda ham yuksak oʻrin tutganini koʻrsatadi. Zulfiya Isroilova – oʻzbek sheʼriyatining faxri, butun turkiy adabiyotning maʼnaviy yulduzi sifatida qadrlanadi.