130 millat, 16 konfessiya, bir vatan – Oʻzbekiston tajribasi xalqaro forum markazida!
Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda AQShning “LYNC” (“Love Your Neighbor Community” ) nodavlat tashkiloti hamkorligida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida tashkil etilgan.
Yirik anjumanda 15 mamlakatdan 50 nafarga yaqin yetakchi ekspert, dinshunos va siyosatchilar, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida Islom hamkorlik tashkiloti, Jahon musulmonlari ligasi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, BAA va Saudiya Arabistonidan nufuzli delegatsiyalar bor.
Forumning asosiy eʼtiboridagi masalalar:
◾️ dinlararo muloqot va bagʻrikenglik,
◾️ vijdon erkinligini taʼminlash,
◾️ diniy kamsitishga qarshi kurash,
◾️ konfessiyalararo ishonchni mustahkamlash, geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan bir sharoitda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdir.
Forumda Oʻzbekistonning diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik sohasidagi tajribasi alohida qayd etildi.
Maʼlumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari hamda 16 diniy konfessiya tinch-totuv yashab kelmoqda. Shuningdek, 2021 yilda “Vijdon erkinligi toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilingani, Konfessiyalar ishlari boʻyicha Kengash faoliyati kengaygani, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy markazlari va Islom sivilizatsiyasi markazi samarali ish olib borayotgani taʼkidlandi.
SMTI direktori Eldor Aripovning taʼkidlashicha, dunyoda diniy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda, mazkur forum turli din vakillarini oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik asosida birlashtirishga xizmat qilmoqda.
“Forumning asosiy vazifasi – maʼrifat va bagʻrikenglik madaniyatini ilgari surishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Biz forumni aynan “Muloqot” deb atashimiz ramziy maʼnoga ega. Chunki deklaratsiyalar soʻzlar kuchga ega boʻlganida va niyatlar umumiy yoʻnalishga aylanganida tugʻiladi. Ammo bu yoʻl doimo ishonchli muloqotdan boshlanadi – ana shu muloqotdan tashabbuslar, loyihalar va hamkorliklar vujudga keladi“, – dedi u.
Forum doirasida SMTI va “LYNC” oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
11–13 sentabr kunlari Samarqandda sayyor tadbirlar, seminarlar va amaliy uchrashuvlar oʻtkaziladi. Forum yakunida esa jahon hamjamiyatiga murojaat qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unda diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish, kamsitishga qarshi kurash, bagʻrikenglik va tinchlikni targʻib qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar jamlanadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
