15 mamlakat vakillari "Deklaratsiyalar muloqoti" II xalqaro forumiga toʻplanmoqda: jahon jamoatchiligiga qaratilgan qanday chaqiriqlar yangraydi?
🔴Toshkent va Samarqandda dunyo dinshunoslari tinchlik va totuvlik uchun birlashmoqda
2025 yil 10-13 sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi oʻtkaziladi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan AQShning “Love Your Neighbor Community” (LYNC) nodavlat tashkiloti hamkorligida, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida tashkil etilmoqda.
Bu xalqaro forum 2022 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida oʻtkazilgan hamda keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida rasmiy hujjat sifatida eʼtirof etilgan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilingan Forumning mantiqiy davomi hisoblanadi.
2016 yildan buyon Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punto-del-Este kabi shaharlarda oʻtkazilib kelinayotgan mazkur anjumanlar maʼrifat, diniy erkinlik va bagʻrikenglik madaniyatini ilgari surishda nufuzli xalqaro maydon sifatida tanilgan.
Oʻzbekistonda bu forum ilk bor 2019 yilda Toshkentda oʻtkazilgan. Shu vaqtdan beri mamlakat xalqaro hamjamiyatga oʻzbek xalqining madaniy-tarixiy va diniy-falsafiy merosi, shuningdek, diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik yoʻlidagi tajribasini namoyon etib kelmoqda.
Joriy yilgi anjumanda AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, BAA, Indoneziya va Markaziy Osiyo mamlakatlari qatorida 15 davlatdan 50 ga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olim va nufuzli ekspertlar ishtirok etmoqda.
Forum yakunida jahon hamjamiyatiga yoʻnaltirilgan Murojaatnoma qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unda diniy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, ekstremizmga qarshi maʼrifat orqali kurashish, barcha insonlarning teng huquqliligi gʻoyasiga qoʻshilish kabi masalalar aks etadi.
“Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi global xilma-xillik sharoitida bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va tinch-totuvlikni mustahkamlashga muhim hissa qoʻshishi kutilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
