1 milliondan ortiq insonlar nomidan minnatdorlik: Prezident tashabbuslari samarasi
Islom sivilizatsiyasi markazida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan imkoniyatlar oʻrganildi.
Bugun Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Komil Abdullayev, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari Qahramon Haqberdiyev hamda jamoat tashkilotlari vakillari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan imkoniyatlar, toʻsiqsiz muhit va qulayliklar holati oʻrganildi. Bu jarayon bir necha oy oldin amalga oshirilgan monitoringning mantiqiy davomi hisoblanadi.
“Bir necha oy oldin kelganimizda muayyan kamchiliklar bor edi. Biz takliflar bergan edik. Bugun esa barcha kamchiliklar bartaraf etilganini koʻrib turibmiz. Aravachada yuruvchilar uchun qulay yoʻlaklar, koʻzi ojizlar uchun taktil plitalar, zamonaviy liftlar va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus koʻrsatkichlar yaratilgan. Buni koʻrib chin dildan xursand boʻldik”, — dedi Komil Abdullayev.
Qahramon Haqberdiyev esa markaz kutubxonasida Brayl yozuvidagi adabiyotlar, koʻruv imkoniyati zaif shaxslar uchun maxsus uskunalar, kompyuter texnologiyalari va audiokitoblar fondi mavjudligini taʼkidlab, bu imkoniyatlar koʻzi ojiz insonlarning ilm olishi va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga keng sharoit yaratishini qayd etdi.
Jamoat tashkilotlari vakillari tashrif soʻngida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli oxirgi yillarda imkoniyati cheklangan shaxslarga boʻlgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi hamda mamlakatda yashovchi bir milliondan ortiq imkoniyati cheklangan fuqarolar nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
