Mahallasidan chiqolmagan davrda... Germaniyaga yoʻl olgan oʻzbek qizlari

🔴Ilm yoʻlidagi jasorat va fojia

 

🔴Naqadar ogʻir, ammo sharafli yoʻl qahramonlari

 

    1922 yil. Oʻzbek qizining nainki chet elga, balki qoʻshni mahallaga chiqishi ham gʻayrioddiy voqea sanalgan davr. Ana shunday sharoitda Germaniyaga oʻqishga yoʻllangan 70 nafar talaba orasida ikki nafar oʻzbek qizi – Maryam Sultonmurodova va Xayriniso Majidxonova ham bor edi. Ular yuksak maqsadni koʻzlardi: ilm olib, Vatanni taraqqiyot sari yetaklash.

 

    Bu tashabbus jadidchilik harakatining asosiy gʻoyalari bilan bogʻliq boʻlib, Turkistonni qoloqlikdan qutqarish, zamonaviy, bilimli kadrlarni yetishtirishga qaratilgan edi. Shu maqsadda tashkil etilgan “Bilim hayʼati” har yili talabalarni xorijga yuborishni rejalashtirgan. Ularning fikricha, “agar yuzlab yoshlar Yevropada bilim olsa, mustaqillikka erishish va uni boshqaradigan salohiyatli kadrlar yetishib chiqadi”.


    Oʻsha davrda Turkiston hukumati ixtiyorida Buxoro amiridan qolgan oltinlarning bir qismi saqlanib qolgan boʻlib, aynan shu mablagʻ hisobiga Germaniyaga ilk talabalar guruhi yuborildi. Bu tarixiy safar oʻsha davr uchun ulkan jasorat edi: yigitlarning koʻpchiligi hatto shahridan tashqariga chiqmagan, qizlarning esa mahallasidan nariga oʻtishi ham kamdan-kam hollarda uchraydigan zamonda ular chet el sari yoʻl oldilar.


     “Majid oʻris”ning qizi

 

    1905 yilda Toshkentda maʼrifatparvar oilada tugʻilgan Xayriniso Majidxonova ilmga chanqoqligi bilan ajralib turardi. Uning otasi Majidxon Peterburg va Moskvada boʻlib, zamonaviy gʻoyalar taʼsirida qizlarini ham erkaklar kabi taʼlim olishga daʼvat etardi. Bu qarashlar jamiyat uchun gʻalati tuyulib, unga jaholatparast kimsalar tomonidan “Majid oʻris” degan nisbatlar berilardi.

 

    Ammo ana shu jasoratli tarbiya samarasida Xayriniso Germaniyada texnikum va universitetda tahsil olib, tibbiyot hamda bolalar pedagogikasini puxta oʻzlashtirdi.

 

     Tarixiy uchrashuvlar va asossiz ayblovlar

 

    1927 yilda Parijga qilgan sayohatida u Mustafo Choʻqay va Ahmad Naim kabi maʼrifatparvarlar bilan uchrashib qoladi. Keyinroq bu holat unga qoʻyilgan “jinoyatlar” roʻyxatiga kiritiladi.



 

    1928 yilda yurtiga qaytgan Xayriniso shifokor sifatida mehnat qiladi, mahalladagi bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazadi. Ammo 1937 yildagi Stalin qatagʻonlari vaqtida u “millatchi va josus” sifatida qamoqqa olinadi. Kitoblari musodara qilinib, Abdulla Qodiriy va Choʻlpon asarlari bilan birga yoqib yuboriladi.

 

    1938 yil 9 oktabrda SSSR Oliy Sudi uni “nemis josusi” sifatida otuvga hukm qiladi. Hukm oʻsha kuni ijro etiladi.

 

     Keyingi taqdir

 

    1999 yil 7 oktabrda Xayriniso Majidxonova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi tomonidan toʻla oqlandi.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimida bu fojia “Bilim yoʻlida...” qisqa metrajli film orqali yoritilmoqda. Filmda Germaniyada taʼlim olgan ilk oʻzbek qizlari – Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova va Saida Sherahmadboyevaning ilm yoʻli, hayoti va qatagʻon fojiasi namoyon etiladi. Arxiv hujjatlari, xotiralar va eksponatlar asosida tomoshabin XX asr boshidagi maʼrifatparvarlik harakatining naqadar ogʻir, ammo sharafli yoʻl boʻlganiga guvoh boʻladi.

 

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.