Oʻzbek milliy naqshlari jahonning mashhur moda brendlari eʼtiborida
🔴Oddiy bezak emas, balki asrlar hikoyasi
🔴Urfning yangi “tili” Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida!
Oʻzbekiston naqshinkor bezaklari bilan dunyoga mashhur. Eng oddiydan tortib, murakkab kompozitsiyalargacha yaratilgan naqshlar asrlar davomida meʼmoriy obidalarni, uy-roʻzgʻor buyumlarini, kiyim-kechak va toʻqimachilik mahsulotlarini bezatib kelgan. XIX asr va XX asr boshlariga kelib mamlakatning turli hududlarida oʻziga xos meʼmoriy-badiiy maktablar shakllanib, ular hajm, kompozitsiya va uslubiy jihatlari bilan farqlana boshladi.
Eng yirik markazlar Fargʻona vodiysi shaharlari, Buxoro, Samarqand, Xiva va Toshkent boʻlib, har bir hududning naqsh uslubi oʻziga xos rang uygʻunligi va shakllari bilan ajralib turadi. Masalan, Fargʻona ustalari koʻpincha kungura shaklidagi markaziy kompozitsiyani yorqin qizil va yashil oʻsimliksimon naqshlar bilan toʻldirishga ishtiyoq bildirishgan. Buni Margʻilondagi Said Ahmad Xoʻja madrasasi shift bezaklarida yaqqol koʻrish mumkin.
Oʻzbek naqshlari uch asosiy yoʻnalishda shakllangan: geometrik shakllar, tabiat tasvirlari va diniy ramzlar. Koʻpburchaklar, yulduzlar, takroriy chiziqlar meʼmorchilikdan tortib hunarmandchilik buyumlarigacha qoʻllanilgan. Gul, daraxt, meva yoki yarim oy shaklidagi naqshlar yangilanish va barakani, diniy ramzlar esa Qurʼoni karim oyatlari va masjid bezaklarida ezgu maʼnolarni ifodalagan.
Davlat ramzlarida ham ushbu anʼanalar davom etadi: bayroqdagi moviy rang – osmon va tinchlikni, oq – poklik va farovonlikni, yashil – yangilanish va shodumonlikni, qizil esa ajdodlar jasorati va qardoshlikni ifodalaydi. Yarim oy va yulduzlar esa qadimiy davlatchilik ramzi boʻlib, xalq birdamligi va bagʻrikengligini anglatadi.
Bugungi kunda oʻzbek naqshlari nafaqat meʼmorchilik yoki hunarmandchilikda, balki zamonaviy moda va interer dizaynda ham qayta tiklanmoqda. Soʻzanalar dunyo podiumlarida, sopol idishlar zamonaviy uylarda milliy ruh olib kirmoqda. Jahonning yetakchi moda uylari — Dior, Gucci kabi brendlar kolleksiyalarida oʻzbek naqshlaridan ilhomlanishi bejiz emas.
Soʻzanadagi naqshlar esa oddiy bezak emas. Masalan, qizil lolalar — yovuz kuchlardan himoya ramzi, takroriy doiralar esa koʻz tegishidan asraydigan qadimiy tumorlarga ishora qiladi. Demak, naqshlarning “grammatikasini” bilgan kishi ularni oʻqiy oladi. Oʻzbek naqshlari koʻpincha Yevropaning oʻrta asr yoki Uygʻonish davri ramzlari bilan taqqoslanadi. Masalan, hayot aylanishini bildiruvchi svastika ham Markaziy Osiyo, ham Kelt madaniyatida mashhur boʻlgan. Harvard universiteti tadqiqotchilari esa oʻzbek naqshlarining ayrim belgilarini Yevropa alkimyoviy ramzlariga qiyos qiladilar. Bu esa insoniyat tarixida umumiy eʼtiqod va umidlarni ifodalashga intilish borligini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, usta kashtadoʻzlar “mukammallikdan qochib”, ataylab naqshga kichik “xato” qoldirgan. Bu eʼtiqodga koʻra, mukammal asar yovuz nazarni oʻziga jalb qilishi mumkin edi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida ham milliy naqshlar katta oʻrin egallaydi. “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimida naqshlarning tarixiy ildizlari, ramziy maʼnolari va zamonaviy talqinlari namoyish etiladi. Shu maqsadda “Oʻzbekiston naqshlari” katalogi tayyorlanib, xalq amaliy sanʼati turlari, ilmiy tasnif va kataloglashtirish ishlari keng jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ekspozitsiyaning eng qiziqarli qismi — interaktiv panellardir. Ular orqali tashrif buyuruvchilar oʻzlari naqsh chizish va boʻyash jarayonida bevosita ishtirok etish imkoniga ega boʻladilar. Shu tariqa, milliy naqshlar nafaqat tomoshabin, balki ijodiy jarayonning bir qismiga aylanadi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
