Olti asr avval ajdodlarimiz yaratgan dunyo xaritasini koʻrganmisiz?

   

   

    Tasavvur qiling, siz qarshingizda XV asrda chizilgan dunyo xaritasi turibdi. Bu oddiy xarita emas, balki Temuriylar davri tafakkuri va ilmiy salohiyatining yorqin namunasidir. Ushbu noyob xarita mashhur tarixchi va geograf Hofizi Abru qalamiga mansub boʻlib, uning “Geografiya” asari sahifalarida joy olgan.

 

    Bugun esa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Ikkinchi Renessans” boʻlimida bu asar bilan bir qatorda olimning yana bir yirik merosi – “Tarixi Hofizi Abru” asari ham namoyish etilmoqda.

 

    Behdodindan chiqqan “oltin qalam” sohibi

 

    Hofizi Abru 1361 yilda Xurosonning Xavof viloyatidagi Behdodin mavzesida tugʻilgan. Uning toʻliq ismi – Mavlono Shihobiddin Abdulloh ibn Lutfulloh ibn Abdurashid al-Bihdodiniy al-Xavofiy boʻlib, tarixga “Hofizi Abru” nomi bilan kirdi.

 

    Yoshligidan Hamadonda taʼlim olgan olim Qurʼon, hadis, tafsir, tarix, geografiya, adabiyot, xattotlik va muhandislik fanlarida bilim orttirgan. Bu bilimlar keyinchalik uning tarixiy-geografik asarlarida yorqin namoyon boʻldi.

 

    Hofizi Abru 1430 yil 24 iyunda vafot etgani haqida manbalarda qayd etilgan.

 

    Amir Temur bilan uchrashuv

 

    Harbiy yurishlari davomida Amir Temur tarixchilar va roviylarni oʻz safida olib yurib, tarixni yozib borishni yoʻlga qoʻygani maʼlum. Hofizi Abru aynan shu jarayonda buyuk sarkarda eʼtiboriga tushgan.

 

    1384 yilda Temurning Xuroson va Eronga yurishi paytida Hofizi Abru Sohibqiron bilan uchrashgan va shu yillarda uning xizmatini boshlagan, deb taxmin qilinadi. Olimning “Zubdat at-Tavorix” asarida Temurning tarixga qiziqishi va tarixchilarga yaratgan imkoniyatlari haqida qimmatli maʼlumotlar keltiriladi.

 

    Shohrux Mirzo davridagi ilmiy meros

 

    Temur vafotidan keyin Hofizi Abru Shohrux Mirzo hukmronligi davrida Hirotda faoliyat yuritdi. U yerda olim tarixchi va geograf sifatida katta eʼtibor qozondi, saroydagi tarixchilar guruhiga rahbarlik qildi.

 

    Umri davomida 10 dan ortiq asar va risolalar yaratgan Hofizi Abru, ayniqsa, “Tarixi Hofizi Abru” va “Geografiya” asarlari bilan tarixshunoslik va geografiya ilmida ulkan iz qoldirdi.

 

    “Tarixi Hofizi Abru” asarida qadim zamonlardan to muallif yashagan davrgacha boʻlgan voqealar qamrab olingan. Sulolalar, ularning asoschilari, shajaralari va siyosiy voqealar izchil bayon etilgan.



    “Ikkinchi Renessans” boʻlimi “Shohrux Mirzo sektori”da olimning OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan “Geografiya” asari ham joy olmoqda. U fors tilida yaratilgan ikkinchi yirik geografik asar boʻlib, birinchisi “Hudud ul-olam” nomida yozilgan. Bu mashhur tarixiy-geografik kitobda dunyoning doira shaklidagi xaritasi va boshqa bir qancha xaritalar berilgan. Bu asardagi dunyo xaritasi tushirilgan tasvir ham bu boʻlimdan joy olmoqda. Xaritaning muhim tomonlaridan biri – gradus toʻri chizilganidir, bu asarni geograflar Hofizi Abruning shoh asari deb hisoblaydilar. Asarda yer yuzidagi suvlar, togʻ-toshlar, mamlakatlar va ulardagi shahar-qishloqlar, shuningdek, Fors, Kirmon, Xurosonning batafsil geografiyasi va tarixi, Movarounnahr geografiyasi bayon etilgan. Xususan, Samarqand, Buxoro, Kesh, Naxshab, Termiz kabi shaharlar hamda Jayxun, Sayxun, Murgʻob va boshqa daryolar, mamlakatlar, viloyatlarning kenglik va uzunliklari koʻrsatib oʻtilgan, masofalar hamda maydonlarni izohlovchi maʼlumotlar keltirilgan.

 

    Noyob asarlar

 

    Hofizi Abru qalamiga mansub eng muhim asarlar quyidagilar:

 

◾️“Hazrat Sohibqiron tarixi”

 

◾️“Tarixi Shohrux Mirzo”

 

◾️“Tarixi amiroye Sarbadoriya”
 

◾️“Majmuayi Hofizi Abru”

 

◾️“Majma at-tavorixi Sultoniya”

 

◾️“Zayl” asarlari

 

    Bu asarlar XV asr Sharq tarixshunosligini chuqur oʻrganishda asosiy manba sifatida xizmat qilmoqda.

 

    Ilmiy merosning zamonaviy ahamiyati

 

    Hofizi Abru nafaqat tarixni qayd etgan, balki uni tahlil qilgan, davr ruhini batafsil ifodalagan. Uning asarlari hanuzgacha Sankt-Peterburg, Oksford va Toshkent kutubxonalarida saqlanib kelmoqda.

 

    Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ulugʻ olimning asarlari keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Bu esa oʻrta asr Sharq sivilizatsiyasining intellektual boyliklarini yanada yaqindan anglash imkonini beradi.

 

    Hofizi Abru – Temuriylar davri tarixshunosligining “sultoni”, ilm va maʼrifatning abadiy ramzi sifatida yodda qolmoqda.

 

Gavhar Eshonqulova

 

    Ushbu maqola Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining loyihalari doirasida amalga oshirilgan “Hofizi Abru va uning ilmiy merosi” medialoyihasi mualliflarining materiallari asosida tayyorlandi