Eng yangi muzey tajribasi: tarix va texnologiya birlashadigan maskan

🔴40 daqiqalik ekskursiya shouga aylanishi kutilyapti



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy va madaniy merosni namoyish etish, balki zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash orqali tashrif buyuruvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda ham ilgʻor tajribalardan foydalanmoqda.

 

    Markaz ekspozitsiyalariga oʻrnatilishi rejalashtirilgan audio va radio gid tizimlari mehmonlarga muzey bilan interaktiv va chuqurroq tanishish imkonini beradi. Maxsus audiogid ilovasi har bir eksponat oldida avtomatik tarzda maʼlumotni yangilab, tashrifchining sayohatini tabiiy va qulay tarzda taʼminlaydi.

 

    Markazda oʻtkazilgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida qayd etilishicha, ekskursiya davomiyligi 40 daqiqadan 2 soatgacha oʻzgarishi mumkin. Shuningdek, mobil ilova tashrifdan keyin ham foydalanuvchi smartfonida qolib, oyiga bir marta yangi koʻrgazmalar, tadbirlar yoki yangiliklar haqida push-xabarnoma yuborib turadi. Bu yechim muzey bilan uzluksiz aloqani saqlash va mehmonlarning qayta-qayta tashrif buyurishiga xizmat qiladi.

 

    Yangi tizim orqali markaz oʻz brendi va logotipini ham doimiy ravishda namoyon etadi. Shu bilan birga, mobil ilova orqali taksi xizmatlari yoki madaniy tadbirlarga yoʻllanmalar kabi nativ reklama imkoniyatlari ham yaratiladi.

 

    Innovatsion platforma soʻrovnoma, anketa va mini-oʻyinlarni qamrab olib, tashrif buyuruvchilarning tajribasini yanada qiziqarli qiladi. Shu tariqa Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ekspozitsiya, balki jonli muloqot va zamonaviy kommunikatsiya maydoniga aylanmoqda.

 

    Bu tizim madaniy merosni keng jamoatchilikka yanada samarali yetkazishda muhim qadam boʻladi.