“Shon-shuhrat zali”ning siri ochildi
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida navbatdagi yigʻilishida muzey ekspozitsiyasining muhim boʻlimlaridan biri — “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”ning yuqori qismi uchun ishlangan mahobatli rangtasvir va barelef asarlarning yakunlangan talqinlari muhokama qilindi.
Devorning quyi qismida insoniyat va turli sivilizatsiyalar yoʻlidagi asosiy bosqichlar xronologik tarzda aks etgan. Yuqori qismida esa 5 metr balandlikdagi mahobatli rangtasvir va bareleflar orqali yurtimiz tarixidagi turfa tamaddun fenomenlari ifoda etilgan.
Bu jarayonga mamlakatning yetakchi rassom va haykaltaroshlari jalb qilingan. Ular tomonidan ishlangan asarlar muzey kelajakda faqat maʼlumot manbai emas, balki tomoshabinlar uchun ilhom va zavq manbai boʻlishini taʼminlaydi.
Shuningdek, markazning asosiy kirish qismida joylashgan “Shon-shuhrat zali” uchun tayyorlangan asarlar taqdim etildi. 14 ta ravoqdan iborat bu zalda ilm-fan taraqqiyoti, tabiiy va diniy ilmlar, shuningdek, tarixda iz qoldirgan qahramonlar obrazlari mujassam etilgan.
Shuningdek, Markaz muzeyining Ikkinchi Renessans — Amir Temur va Temuriylar davri boʻlimiga bagʻishlangan 6 ta kompozitsiya ham keng muhokama qilindi. Ularda shu davrdagi ilm-fan, madaniyat va davlat qurilishidagi yuksalish jarayonlari tasvirlangan.
— Bu bir kishining emas, butun jamoaning ijodiy gʻalabasi. Devordagi har bir miniatyura tarixiy ruhni his ettiradi. Markaz olimlari bu asarni katta qiziqish bilan qabul qilishdi va u Islom sivilizatsiyasi markazida munosib oʻrin egalladi, — dedi sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, miniatyurachi rassom Behzod Xojimetov.
Shu bilan birga, Saroymulkxonim, Gavharshodbegim va Nodirabegim kabi buyuk ayollar portretlari ham ilmiy kengash koʻrigiga taqdim etildi.
Muhokamada taʼkidlaganidek, asarlar bir necha marta qayta ishlangan va mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning takliflari asosida takomillashtirilgan.
Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov “bugungi yakunlangan talqinlar barcha tomonidan yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlangan”ini alohida qayd etdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
