Islom sivilizatsiyasi markazida inklyuzivlik tamoyillariga alohida eʼtibor qaratilmoqda

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yakuniy bosqichga kirgan boʻlib, unda zamonaviy meʼmoriy yechimlar bilan bir qatorda inklyuzivlik tamoyillarini joriy etish masalasiga ham alohida urgʻu berilmoqda. Mazkur yondashuv markazning nafaqat ilmiy-maʼrifiy va madaniy markaz sifatidagi, balki ijtimoiy adolat hamda tenglik tamoyillarini targʻib qiluvchi maskan sifatidagi ahamiyatini yanada mustahkamlaydi.

Qurilish jarayonida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay va toʻsiqsiz muhit yaratish maqsadida zamonaviy standartlarga mos panduslar, maxsus kirish yoʻlaklari, koʻzi ojizlar uchun yoʻriqnoma belgilar hamda taktil yoʻlaklar oʻrnatilmoqda. Shuningdek, eshitishida nuqsoni boʻlgan shaxslar uchun maxsus moslashtirilgan axborot vositalari joriy etilishi ham koʻzda tutilgan.
Mazkur ishlarni joyida oʻrganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev hamda Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati va Karlar jamiyati vakillari markazda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishdilar. Uchrashuv davomida mutasaddilarga inklyuzivlik tamoyillariga toʻliq mos keluvchi sharoitlarni yanada takomillashtirish, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda xalqaro ilgʻor tajribalarni tatbiq etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.



Natijada, Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusida barcha fuqarolar, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham teng va qulay sharoit yaratadigan, haqqoniy inklyuzivlikni taʼminlovchi zamonaviy ilm-maʼrifat maskani sifatida shakllanishi koʻzda tutilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi