Ming yillar qiyofasi XXI asr texnologiyasida jonlanadi

 

🔴 Sunʼiy intellekt ajdodlarimizni qanday tasvirlaydi?

 

🔴 Olimlar kichik detal ham tarixiy haqiqat uchun muhimligiga eʼtibor qaratishmoqda



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida barpo etilayotgan “Birinchi Renessans davri” ekspozitsiyasi sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan qisqa metrajli media-mahsulotlar bilan yanada taʼsirchan tarzda taqdim etiladi.

 

    Mazkur filmlar Italiyaning “Magistr art” dizayn kompaniyasi tomonidan tayyorlangan boʻlib, ekspozitsiyaning 7 ta kapsulasida 20 dan ziyod yangi media-kontent namoyish etilishi koʻzda tutilgan. Ularning dastlabki namunalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, boʻlim ishchi guruh aʼzolari, kino ijodkorlar hamda soha olimlari ishtirokida muhokama qilindi.



 

    “Birinchi Renessans davri”ning dastlabki uch kapsulasi islom dinining Movarounnahrga kirib kelishi va taraqqiyoti, muqaddas arkonlar, soʻfiylik, fiqh, hadis ilmi va buyuk muhaddislar merosiga bagʻishlanadi.

 

    Muhokamalar jarayonida filmlarda qiyofalarning nurli, liboslarning davrga mos tarzda ishlanishi, kitob javonlari, yozish uslubi, salla va bosh kiyimlar kabi tarixiy detallarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

 

    Davron Maqsudov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari:

 

— Albatta, Birinchi renessans davrida yashab oʻtgan ajdodlarimizning aniq qiyofalari bizgacha yetib kelmagan. Biz mavjud manbalarga tayangan holda ularning taxminiy tasvirlarini yaratamiz. Bugun koʻrgan filmlarimizda tasvirlarning mantiqiyligiga, shaxslarning liboslari va ularning chehralariga alohida eʼtibor qaratdik. Masalan, ajdodlarimiz Gʻarb olimlaridan farqli oʻlaroq pat bilan emas, maxsus qilqalam bilan yozishgan yoki kitob javonlarida kitoblar gorizontal tarzda terilgani kabi jihatlarni kadrda oʻzgartirish kerak. Shuningdek, koʻrsatilgan filmlarning deyarli barchasida bosh kiyimlar va sallalarni qayta ishlash lozim. Oʻsha davrga xos liboslar va kiyinish uslubini aniq koʻrsatishimiz kerak.



 

    Muhokama yakunida filmlarga oid taklif va tuzatishlar roʻyxati shakllantirilib, “Magistr art” kompaniyasiga taqdim etildi.