Navvobning hadyasi, generalning xazinasi – nodir qilichning sirli tarixi

🔴 Sotheby’s  auksionida Boburiylar merosi

 

🔴 Boburiylar davridan Oʻzbekiston xazinasigacha


    Joriy yilning 29 aprel kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan Sotbis (Sotheby’s) auksion uyida Filipp Miscile kolleksiyasiga tegishli koʻplab nodir qilich va xanjarlar savdoga chiqarildi. Ular orasida Boburiylar xonadoni vakili Shoh Olam I  ning vazirlaridan biri, Avadha viloyati navvobi Osafud-davla tomonidan ingliz armiyasi generali Klod Martinga hadya qilingan qilich ham bor edi. 

              

 
     Boburiylar davlatining “suyangan togʻi”


    Buyuk sarkarda Zahihiriddin Muhammad Bobur asos solgan qudratli Boburiylar saltanati Hindistonning katta qismida 332 yil davomida hukmronlik qildi. Saltanat asrlar davomida koʻplab viloyatlar, muxtor va yarim mustaqil davlatlarni ham oʻz ichiga olgan. Boburiylarga boʻysungan kichik davlatlar mahalliy sulolalar tomonidan boshvarilar, odatda ularning hukmdorlari Boburiylar tomonidan tayinlanardi. 


    Hindiston shimolidagi Avadha (Auda) davlati  ham Boburiylar saltanatining muhim tarkibiy qismi hisoblangan. Avadha hukmdori (navvob) ayni paytda Boburiylar saroyida vazir lavozimini ham egallagan. Ulardan biri Navvob Osaf ud-davla (1748-1797) Boburiylar saltanatining yirik amaldorlaridan biri edi. U otasi Shujoʼ ud-davlaning vafotidan soʻng 1775 yilda vazirlik va navvoblik lavozimini egalladi. 


    Maʼlumki bu paytda Angliya hukumati oʻzining “Ost-Indiya” kompaniyasi vositasida Hindistonni har taraflama asorat ostiga olayotgan edi. Ayniqsa, Shoh Olam II hukmronligi davrida saltanat ham iqtisodiy, ham harbiy jihatdan tanazzulga yuz tutgan edi. Ana shunday bir paytda Avadha navvobi, vazir Osaf ud-davla  boburiy hukmdorga sadoqat bilan xizmat qildi. Ayniqsa inglizlar bilan munosabatlarni nazoratda ushlash, mamlakatda tinchlik va xavfsizlikni, barqarorlikni saqlashga katta hissa qoʻshdi. 


    Osafud-davla nafaqat oʻz boshqaruvi ostidagi Avadhada, balki butun Hindistonda bir qator islohotlarni amalga oshirishga xizmat qildi. Fayzobod,  Laknau singari shaharlarda uning tashabbusi bilan bir qancha masjidu madrasalar, shifoxonalar va karvonsaroylar qurildi. 

 

     Ingliz armiyasining fransuz generali


    “Ost Indiya” kompaniyasi Hindiston bilan savdo-sotiqni mustahkamlash maqsadida 1600 yilda tashkil qilingan. Biroq asrlar mobaynida u oʻz shakl-shamoyini oʻzgartirib, Britaniyaning mustamlakachilik siyosati timsoliga aylandi. Keyinchalik kompaniyaning vakolatlari kengayib, zamonaviy harbiy qurol-aslahalar yordamida Hindistonning qator hududlarini egallay boshladi. 


    Inglizlarning Hindistondagi minglab harbiylari orasida nafaqat qahri qattiq sarkadalar, balki sanʼat va madaniyatga, ilm-fanga katta ragʻbat koʻrsatuvchi ziyoli zobitlar ham bor edi. Ularning biri fransuz millatiga mansub Klod Martin (1735-1800) edi. U yoshligida Sharq tarixi va sanʼatiga qiziqish bilan ulgʻaydi. 


    Bu paytda fransuzlar ham Sharqqa, ayniqsa Hindistonga katta qiziqish  bilan qaray boshlagan, 1664 yilda inglizlarga taqlidan oʻzlarining  “Ind-Oriyental” (Indes Orientales) shirkatiga asos solishgan edi. Klod Martin 16 yoshida ushbu shirkatga ishga kiradi va koʻp oʻtmay Hindistonga joʻnaydi. U 10 yilga yaqin ushbu shirkatda ofitser boʻlib xizmat qildi. 1761 yilda Hindistonning fransuzlarga qarashli Pondicherri okrugi inglizlar tomonidan bosib olinadi. Bu toʻqnashuvdan fransuzlar katta yoʻqotishga duch keladi. Oradan ancha vaqt oʻtgach, Klod Martin fransuz armiyasiga yollanadi va shundan soʻng uning haqiqiy karerasi boshlanadi. 


    Bu paytda Avadha viloyatida ham inglizlarning katta kontingenti saqlanar, mahalliy hukmdorlar ular bilan kelishib ishlashar, saroy amaldorlari orasida ingliz amaldorlari koʻpchilikni tashkil etardi. 


    Klod Martin oʻzining bilimi, tajribasi va harakatchanligi bilan navvob Shujoʼ ud-davlaning eʼtiboriga tushadi. Keyinchalik u otasining taxtiga oʻtirgan Osaf ud-davlaning buyrugʻiga asosan davlat qurolxonasiga masʼul qilib tayinlanadi. 


    Garchi boshqa din va millat vakili boʻlsa-da, Klod Martin Boburiylar saltanatiga ayricha hurmat va ehtirom bilan yondashardi. Ana shu sadoqati va xizmatlari sabab u ham Britaniya hukumati, ham Boburiylar tomonidan bir qator unvonlar va hadyalar bilan taqdirlandi. 1795 yilda u Britaniya harbiy qoʻmondonligidan general-mayor unvonini oldi. 1800 yilda Lakxnauda vafot etdi. 


     Generalning bebaho xazinasi


    Klod Martin mohir sarkarda boʻlishi barobarida osori-atiqalarning ashaddiy ishqibozi edi. U Hindistondagi rassomlar, olimlar, shoirlar va sanʼatkorlar bilan doimiy aloqada edi. Hind rassomlari ishlagan koʻplab suratlarni oʻz galereyasi uchun qimmat narxlardan sotib olardi. 


    U oʻz saroyida maxsus muzey yaratgan boʻlib, u yerda Hindiston tarixiga oid minglab nodir eksponatlar jamlangan edi. U hukmdorlar, yaqin doʻstlari tomonidan berilgan tuhfalarni ham alohida toʻplamda jamlab borardi. 


    Navvob Osafud-davla kunlarning birida uning mehnatlarini munosib baholab, oltin, kumush  va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qilich tuhfa qiladi. Oliy navli poʻlatdan ishlangan qilichning tigʻ qismida fors tilida “bi hukmi sarkori oliyjoh Navvob Osaf ud-davla, voliyi Avadha jenral Martin Sohibi “Ost Indiya kompani” atoyi farmoyi sanayi 1201 hijriya” (“Ost Indiya” kompaniyasi generali, sohib Martin janoblari Avadh voliysi Osaf ud-davla zoti oliylari farmoniga koʻra mukofotlandi) jumlasi bitilgan. Ushbu matnga koʻra, qilich milodiy 1786-1787 yillarda generalga sovgʻa qilingan. 


    Klod Martin bu qilichni umrining soʻnggiga qadar eng qimmat hadyalar qatorida asrab kelgan. Generalning oʻlimidan soʻng uning kolleksiyasidagi nodir buyumlar auksionlar orqali dunyoning turli burchaklariga tarqaladi. Mazkur qilich oxirgi marta 1985 yilda Nyu-Yorkda oʻtgazilgan “Sotbis” savdolarida yirik kolleksoner Filipp Missile (1942-2002) kolleksiyasi uchun sotib olingan va №176S inventar raqami ostida saqlangan. 2010-2011 yillarda Hindiston va Fransiyada tashkil qilingan xalqaro koʻrgazmalarda namoyish qilingan. 


    Endilikda... bu nodir qilich Boburiylar davrining nodir durdonasi sifatida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsisi markazi xazinasida saqlanmoqda. 


                    Rustam Jabborov

P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.