Jang maydonida sher, ilm maydonida homiy boʻlgan kim?

🔴Gerodot tarixi va Sezar yodnomasidan ulkanroq meros 

 

 🔴Bobur davrida islohotlar va xalq roziligi



 

    Tarix sahnasida ayrim shaxslar ikki xil qiyofasi bilan yodga olinadi: biri – adolat tarozisini mahkam tutgan hukmdor, ikkinchisi – ilm va sanʼatni qadrlagan maʼrifatparvar. Zahiriddin Muhammad Bobur ham shunday siymolardan biri boʻlib, davlat boshqaruvidagi qatʼiyati va maʼnaviyatga intilishi uni buyuk davlat arbobi hamda ilm-fan homiysi sifatida tarixga muhrladi.


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Ikkinchi Renessans” boʻlimidagi “Bobur sektori”da bu tarixiy shaxsning hayoti, uning hukmdorlik ishlari hamda ilm-maʼrifatga homiylik qilganiga oid qimmatli eksponatlar oʻrin olgan.


    Bobur Mirzo temuriylar avlodidan boʻlgani bois, unga harbiy mahorat va siyosiy salohiyatni oʻzida meros sifatida mujassamlashtirgan. Tarixda u baʼzan qudratli shoh, baʼzan janglarda gʻolib sarkarda, baʼzan esa magʻlubiyat totgan jangchi sifatida koʻrinadi. 


    Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida Bobur yoshligidan dovyurak, odobli va insoniy fazilatlari bilan ajralib turgani taʼkidlanadi. Tarixiy rivoyatlardan maʼlumki, 1526-yildagi Panipat jangida gʻalaba qozongan Bobur shaharni vayron qilish oʻrniga, bogʻ barpo etishni buyuradi. Bu holat oʻsha davr uchun mislsiz voqea edi. Shu orqali Bobur Mirzo hukmdor sifatida faqat qoʻshin boshligʻi emas, balki xalqning ertangi kuniga gʻamxoʻr davlat arbobi ekanini namoyon qiladi.

 

     500 yillik boshboshdoqlikka barham bergan hukmdor


    Ingliz tarixchisi J.B. Malleson “Hindiston hukmdorlari. Akbar va Moʻgʻullar imperiyasining yuksalishi” kitobida Boburni “tabiatan saxovatli, qoʻl ostidagilarga gʻamxoʻr, dunyoqarashi ulugʻvor shaxs” deya tasvirlab, uning Hindistonda 500 yil davom etgan tartibsizliklarga barham berganini alohida taʼkidlaydi.


    Bobur davlat boshqaruvida markazlashgan tizim yaratib, soliq yigʻimini tartibga soldi. Avvallari rojalar tomonidan tartibsiz yigʻilgan soliqlarni islomiy qoidalarga muvofiq tizimlashtirdi. “Boburnoma”da savdogarlarga berilgan imtiyozlar va soliqlarning oshkoraligi haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bu iqtisodiy siyosat keyinchalik Humoyun va Akbar davrida ham davom etdi.


    Boburning eng muhim maʼmuriy islohotlaridan biri markazlashgan boshqaruv tizimini yaratganidir. U davlat hududlarini qayta tartibga solib, ularni viloyatlarga boʻlib chiqadi va har biriga hokim tayinlaydi. Shu orqali mahalliy boshqaruv ustidan nazoratni kuchaytirdi hamda soliqlar va daromadlarni muntazam yigʻish imkoniyatini yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, Bobur Mirzo davlatda adolat tamoyilini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratdi. U sud tizimini tartibga solib, adolatli hukm chiqarish uchun qozi va masʼul shaxslarni tayinladi. Boburning qonun ustuvorligiga boʻlgan bu eʼtibori tufayli mamlakatda tartib va  xalq orasida ishonch muhitini mustahkamladi.

 

     Ikki olam bir siymoda


    Boburning ikkinchi yuzi – maʼrifatparvar va ijodkor hukmdor qiyofasidir. Uning eng mashhur asari – “Boburnoma”dir. Sayfiddin Jalilovning “Bobur haqida oʻylar” kitobida qayd etilishicha, “Boburnoma”ni hatto Yuliy Sezar va Gerodot asarlari bilan qiyoslash mumkin. Farqi shundaki, Sezar asari faqat Rim tarixi uchun muhim boʻlsa, “Boburnoma” Movarounnahr, Afgʻoniston va Hindiston tarixi, tabiati, urf-odatlari haqida ham bebaho maʼlumot beradi. Shu sababli uni “ensiklopedik asar” deb atash mumkin. “Boburnoma”da tarixiy maʼlumotlar izchilligi, ularda berilayotgan qimmatli maʼlumotlarning yozish uslubini esa Gerodot asarlariga oʻxshatib eng nodir manbalaridan biri sifatida baholangan.


    Bobur ilm-fan va sanʼatga alohida eʼtibor qaratdi. Dehli va Amritsarda kutubxonalar tashkil qilib, kitoblarni mavzu va tiliga qarab tartiblash tizimini joriy etdi. Bu oʻz davrida noyob yangilik edi. Shuningdek, Bobur oʻz hukmronligi davrida fikr almashish va sanʼatning gullab-yashnashiga turtki boʻlgan muhitni yaratdi. U olimlar, shoirlar, musavvir va xattotlarni qoʻllab-quvvatlab, ularga ijodiy muhit yaratib berdi.


    Bobur Mirzo shaxsiyati tarixda ikki qirra bilan namoyon boʻladi: bir tomondan u adolatli hukmdor sifatida mamlakatni mustahkamlashga, tartib oʻrnatishga intilgan boʻlsa, boshqa tomondan ilm-maʼrifat, adabiyot va sanʼat homiysi sifatida oʻz nomini abadiylashtirdi. Uning qilich bilan amalga oshirgan gʻalabalari, qalam bilan yaratgan bebaho merosi uygʻun holda yashaydi. Shu bois, Bobur Mirzoning hayoti nafaqat oʻz davri balki bugungi kun uchun ham dolzarb ibrat manbai boʻlib, davlatni boshqarishda adolat, maʼnaviyat va maʼrifat uygʻunligining yorqin namunasi sifatida qadrlanadi.


                                    Gavhar Eshonqulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin