Olimlar muzey ekspozitsiyalari boʻyicha yakuniy maslahat uchun toʻplanishdi



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olimlar ishtirokida muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlangan ilmiy loyiha-tadqiqot ishlarining matnlari, maʼlumotlari, mediamahsulotlarini maxsus raqamli platformaga joylashtirish masalalariga bagʻishlangan yakuniy maslahat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

    Markazdagi yigʻilishda taʼkidlanishicha, oʻtgan yili mahalliy va xalqaro anjumanlar doirasida ishlab chiqilgan 800 dan ziyod ilmiy loyihadan 330 tasi birinchi bosqich uchun ustuvor yoʻnalish sifatida ajratilgan va ularning asosiy qismi yakunlangan. Qolgan ishlar esa 60–70 foiz darajada amalga oshirilgan. 


    Olimlar ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov Prezidentimizning Markazga navbatdagi tashriflari chogʻida olib borilayotgan ishlar yuzasidan bergan koʻrsatmalari haqida toʻxtaldi. Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining bergan navbatdagi koʻrsatmalari bu yoʻnalishdagi ishlarga yana katta ruhiy quvvat beradi.

 

– Bu oldimizda katta masʼuliyat borligini yana bir bor isbotlaydi. Muzeydagi barcha boʻlimlarda amalga oshirilayotgan ishlar va umuman mahobatli binoning koʻrinishi Prezidentimizning buyuk gʻoyalari asosida shakllantirilayotgan boʻlib, har birimizni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi. Markaz ekspozitsiyasida “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar” mavzusiga katta ahamiyat qaratgan holda shakllantirishga bor gʻayratimizni yoʻnaltirdik. Shu oʻrinda, har biringizning mehnatingizni qadrlaymiz. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlarimizni maʼnaviy va aqliy jihatdan tarbiyalaydigan maskan boʻladi. Hurmatli Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markaziga kirgan odam chiqqach, bu millatga taʼzim qilishi kerak.

 

    Yigʻilishda tadqiqot matnlarini raqamlashtirish va elektron platformaga joylashtirish tashabbusi ilmiy natijalarni keng jamoatchilikka taqdim etish, muzey ekspozitsiyasi mazmunini boyitish hamda Markazning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilishiga ham toʻxtalib oʻtildi.

 

    Olimlarga ilmiy matnlarni maxsus platformaga joylashtirishda texnik va uslubiy imkoniyatlar haqida batafsil tushuntirish berildi, shuningdek, tadqiqot natijalarini eksponatlar, videoloyihalar va elektron mahsulotlar orqali taqdim etish masalalari ham koʻrib chiqildi.

 

    Yigʻilish yakunida qayd etilganidek, ilmiy loyiha-tadqiqot matnlarini raqamli platformaga joylashtirish jarayoni nafaqat muzey ekspozitsiyasini mazmunan boyitishga, balki Markazning xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi. Bu tashabbus kelgusida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish va ommalashtirish yoʻlida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati