Euronews eʼtibor markazida Oʻzbekistonning sport, iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi yutuqlari
Nufuzli xalqaro axborot agentligi – Euronews Oʻzbekistonning sport, iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi yutuqlari haqida maqola eʼlon qildi.
Unda Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni arafasida Prezidentimizning poytaxtda bunyod etilgan Olimpiya shaharchasiga tashrifi, bu majmua mamlakatda sport sohasida erishilgan katta yutuqlarning ramziy ifodasi ekanligi, shaharcha inshootlari energiya tejamkorlik tamoyillari asosida barpo etilgani, eng muhimi, Oʻzbekiston sportining soʻnggi yutuqlari hamda sportchilarimizning yuqori natijalari eʼtirof etilgan.
Shuningdek, maqolada iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy islohotlar ham qayd etilgan boʻlib, soʻnggi yetti yil ichida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning davomi sifatida iqtisodiyotda barqaror oʻsish kuzatilayotganiga ham eʼtibor qaratilgan. Maqolada mamlakatimizning Jahon banki prognozlariga koʻra, 2025 yilda Oʻzbekiston YaIMi 6,5 foizga ortgan, Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi hisob-kitoblariga koʻra esa, mamlakat iqtisodiyoti bu yil 130 milliard AQSh dollariga yetishi kutilayotgani haqida maʼlumotlar keltirilgan.
Bundan tashqari, pensionerlar, nafaqa oluvchilar va davlat xizmatchilarining oyliklari oshirilgani, “Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali fuqarolar oʻz hududlarida moliyalashtirish yoʻnalishlarini bevosita belgilash imkoniga ega boʻlgani, bugunga qadar 13 mingdan ortiq tashabbuslar amalga oshirilgan boʻlib, ularga 11 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgani ham maqolada oʻrin olgan.
Poytaxt Toshkentda ikkinchi xalqaro aeroport qurilishi rejalashtirilgani ham eʼtibordan chetda qolmagan. Maqolada bu jarayon mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish va poytaxtni jahon yoʻlovchi oqimiga yanada ochiq qilishni maqsad qilishiga alohida urgʻu berilgan.
Shuningdek, ekologiyani tiklash ham ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanligi haqida ham “Yashil makon” dasturi orqali Orol dengizi qurigan tubida va boshqa hududlarda keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borilayotgani keltirilgan.
Xulosa sifatida Oʻzbekistonning 34 yilligi aniq natijalar bilan nishonlanayotgani eʼtirof etilgan. Qayd etilishicha, Olimpiya shaharchasi, ijtimoiy islohotlar, ekologik tashabbuslar va yangi infratuzilma loyihalari “Yangi Oʻzbekiston”ning zamonaviy iqtisodiyot, rivojlangan jamiyat va faol xalqaro hamkorlik sari qadamlarini mustahkamlamoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
