XIII asrda “komil inson” qomusini yozgan mutafakkir
🔴Islom sivilizatsiyasi markazidagi ulugʻ mutafakkir
🔴 Ilm, axloq va ruhiy yuksalish sarchashmasi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida oʻrin olishi rejalashtirilgan mutafakkirlar qatorida Azizuddin Nasafiy ham bor. Markazning asosiy vazifasi – mamlakatimiz hududida shakllangan boy islomiy-maʼnaviy merosni jamlash, uni ilmiy asosda tadqiq qilish va zamonaviy vositalar yordamida jahon hamjamiyatiga taqdim etishdan iborat. Nasafiy ana shunday meros sohiblaridan boʻlib, XIII asrda murakkab tasavvufiy gʻoyalarni sodda va ravon tilda sharhlab bergan alloma sifatida tarixda alohida oʻrin tutadi.
Hayot yoʻli
Azizuddin Nasafiy Movarounnahrdagi qadimiy Nasaf – bugungi Qarshi shahrida tugʻilgan. U ilm-fan va maʼnaviy hayot rivojlangan muhitda ulgʻayib, tasavvuf taʼlimotiga chuqur kirib borgan. Tarixiy manbalarga koʻra, 1273-yilda Buxoro atrofida siyosiy notinchlik yuzaga kelganda Nasafiy Amudaryodan kechib, Xuroson tomoniga oʻtadi. Keyinchalik Kerman, Isfahon va Sheroz shaharlarida yashab, oxir-oqibat Eronning Abarqoʻh shahrida uzoq muddat istiqomat qiladi. Ayni shu yerda u 1281-yilda mashhur “Kashf al-haqoyiq” asarini yozib tugatgan. Qoʻlyozmalardagi maʼlumotlarga koʻra, 1292-yilda ham u Abarqoʻhda ijod qilgan.
Nasafiy mashhur Kubraviya tariqati shayxi Saʼdiddin Hamaviy bilan muloqot qilgan. Oʻz risolalarida ham Hamaviyning taʼsiri seziladi. Baʼzi manbalarda esa Nasafiyning tushida Paygʻambar va buyuk shayxlar unga koʻrinib, “Kashf al-haqoyiq”dagi gʻoyalarni birdan oshkor qilmaslikni maslahat berganlari qayd etiladi. Bu voqea uning murakkab ezoterik qarashlarni xalqchil tilda ifoda qilishga intilishini koʻrsatadi.
Asarlari va ularning tarqalishi
Nasafiy oʻz merosini koʻplab risolalarida jamlagan. Eng mashhur asari “Inson al-komil” nomi bilan tanilgan. Shuningdek, uning “Kashf al-haqoyiq”, “Maqsad al-aqso”, “Bayan at-tanzil” kabi asarlari ham tasavvuf tarixida muhim oʻrin tutadi.
Uning kitoblari XV asrdan boshlab keng tarqalgan. Qoʻlyozmalar Oʻrta Osiyo, Xuroson, Eron va Usmoniylar davlati hududida koʻpaytirilib, keng yoyilgan. XVI asrdan boshlab turk tiliga tarjima qilingan. XVII asrda Yevropa mamlakatlarida ham Nasafiy nomi tanilgan: 1665-yilda “Maqsad al-aqso”dan lotincha parchalar chop etilgan. 1867-yilda ingliz sharqshunosi Edvard Palmer uning asarlaridan iqtiboslarni ingliz tilida eʼlon qilgan. XX asrda Marijan Mole va Frits Meyer kabi olimlar uning matnlarini ilmiy tahlil qilishgan. Soʻnggi yillarda esa ingliz tadqiqotchisi Lloyd Ridjon Nasafiy asarlaridan tanlangan qismlarni ingliz tilida nashr ettirdi.
Gʻoyalari
Nasafiy merosining markazida “komil inson” gʻoyasi turadi. Uning fikricha, inson ilm orqali oʻzini va olamni taniydi, axloqiy poklanish bilan nafsini tarbiyalaydi, ruhiy yuksalish orqali esa Haqiqatga yaqinlashadi. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshib, inson mukammallikka erishadi.
Alloma valoyat (avliyolik) va nubuvvat (paygʻambarlik) oʻrtasidagi munosabatni ham keng yoritadi. Uning taʼkidlashicha, ruhiy yoʻl tutgan insonlar bilim va maqomda turli darajaga koʻtariladi. Nasafiy “ahl-i vahdat” – yaʼni birlik ahli qarashlarini ilgari surib, insoniyatning yagona maʼnaviy manbadan oziqlanishini asoslaydi.
Nasafiy asarlarining oʻziga xos jihati – murakkab falsafiy tushunchalarni hayotiy misollar va oddiy iboralar yordamida izohlashidir. Shu sababli uning kitoblari keng xalq ommasi uchun ham tushunarli boʻlgan.
Xulosa
Azizuddin Nasafiy – XIII asrning yirik tasavvuf mutafakkiri. U Movarounnahrda tugʻilib, Xuroson va Eron shaharlarida ijod qildi. “Kashf al-haqoyiq”, “Maqsad al-aqso” kabi risolalari orqali u murakkab gʻoyalarni sodda tilda ifodalab, komil inson taʼlimotini keng yoydi. Uning asarlari oʻz davrida ham, keyingi asrlarda ham musulmon sharqi va Yevropa tafakkuriga sezilarli taʼsir koʻrsatgan.
Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Nasafiy merosining oʻrin olishi bejiz emas. U oʻz gʻoyalari bilan nafaqat oʻtmishni yoritadi, balki bugungi avlod uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi: yoshlarni ilmga, axloqqa va ruhiy poklanishga daʼvat qiladi. Shu bois Nasafiy merosini oʻrganish va targʻib qilish – milliy maʼnaviyatimizdan ajralmas qism sifatida qadrlanadi.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
