Orfeusdan Toshkentgacha: tarixiy artefakt yoʻli

 

🔴 Bu oddiy idish emas, balki butun dunyoga Oʻzbekiston madaniyatini namoyish etadigan gʻaroyib eksponat!

 

🔴 Noyob topilma Londondan nihoyat yurtimizga qaytmoqda



 

    Oʻrta asrlarda Xuroson va Movarounnahr ilm-fan, madaniyat, amaliy sanʼat va hunarmandchilikning yirik markazlaridan biri boʻlgan. Bu yerda yaratilgan buyumlar nafaqat turmush ehtiyojlari uchun xizmat qilgan, balki xalqning yuksak badiiy didi va maʼnaviy dunyoqarashini ham namoyon etgan.

 

    Shunday noyob artefaktlardan biri – gulbarg shaklidagi qoʻrgʻoshin idish. Taxminan XII–XIII asrlarga, Gʻaznaviylar davriga oid ushbu topilma hozirda Londondagi “Orfeus” galereyasida saqlanmoqda. Bunday idishlar oʻsha davrda tantanali marosimlarda, uy bezagida keng qoʻllanilgan va hunarmandlar mahoratining yuqori darajasini ifoda etgan.

 

    Afsuski, Oʻzbekiston muzeylarida bu turdagi buyumlar juda kam saqlangan. Shu bois, ularni xalqaro kolleksiyalardan olib kelish milliy merosimizni boyitish va xalqimiz tarixini keng jamoatchilikka namoyish qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifalaridan biri – yurtimizga oid noyob artefaktlarni jamlash va ularni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishdir. Gulbarg shaklidagi qoʻrgʻoshin idishning markaz ekspozitsiyasida oʻrin olishi ham ana shu yoʻnalishdagi muhim qadam hisoblanadi.

 

    Bunday artefaktlar tilsiz guvoh sifatida oʻtmish bilan kelajakni bogʻlaydi. Ularni asrab-avaylash va yurtimizga qaytarish esa avlodlarimiz uchun maʼnaviy koʻprikdir.