Nafaqat erkaklar, balki ayollar ham tariqat peshvolari boʻlganini bilasizmi?

 

🔴 Qoʻqonning ikki yulduzi

 

🔴 Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida ayol soʻfiy shoiralar merosi qayta kashf etilmoqda

 

    Oʻzbek mumtoz adabiyotini varaqlasak, koʻproq erkak sufiy shoirlarning nomlari tilga olinadi. Tariqat peshvolari va oriflar ijodi koʻp yillardan beri tadqiq etilib, kitob va maqolalar bilan boyitilgan. Ammo bu jarayonda ayol soʻfiy shoirlar, ularning maʼnaviy izlanishlari va sheʼriy merosi koʻpincha chetda qolib ketdi. Devonlari yoʻqolib ketgan, qoʻlyozmalari tarqalib, baʼzilari umuman saqlanmagan.

 

    Holbuki, bu asarlar turkiy tasavvuf tafakkurining yuksak va nozik qatlamini tashkil etadi. Ayol sufiylar poetikasidagi ruhiy sezgirlik, maʼnaviy iztirob va ilohiy ishqqa sadoqat tasavvuf adabiyotiga oʻziga xos rang bagʻishlaydi.

 

    Shunday unutilgan meros egalari orasidan XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi Qoʻqon adabiy muhitida yetishib chiqqan ikki siymo — Shoira Xoniy va Niso Xonim alohida oʻrin tutadi.


     Shoira Xoniy: Qoʻqondan Makkagacha yoʻl

 

    Shoira Xoniy (asl ismi Bibi Maryamxon) 1884 yilda Qoʻqon yaqinida tugʻilgan. U kitobdor oilada voyaga yetgan, otasi va onasi ilm ahli boʻlgan. Keyinchalik Qodiriya tariqatiga mansub boʻlgan Xoniy sheʼriyatida tasavvufiy ruhiyatni chuqur ifoda etdi.

 

    1957 yilda u haj safariga otlanib, ortga qaytmadi va hayotining oxirini Jilikoʻlda oʻtkazdi. Shoiraning “Mavludnoma”, “Meʼrojnoma”, Abdulqodir Jiloniy va Bahouddin Naqshband haqidagi asarlari, shuningdek, dostonlari oʻzbek tasavvufiy adabiyotining yorqin namunasi hisoblanadi. Bugun uning 8000 misradan ziyod qoʻlyozmalari Fanlar akademiyasi va Qoʻqon muzeylarida saqlanmoqda.

 

     Niso Xonim: Nafis ruhiyat va ilohiy ishq

 

    Niso Xonim (Ibrohim Hoʻja qizi) 1879 yilda Qoʻqon yaqinida tugʻilgan. U Naqshbandiya tariqatiga mansub boʻlib, sheʼrlarida sabr, riyozat, ruhiy poklanish va ilohiy ishq mavzularini yuksak mahorat bilan ifoda etdi.

 

    Xoniy va Niso ijodi — ayol qalbidagi ilohiy iztirob va jasoratning yorqin ifodasi hisoblanadi. Ular biri Qodiriya, biri Naqshbandiya maktabining estetik merosini davom ettirdi.

 

     Medialoyiha: unutilgan merosga yangi hayot

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugungi kunda “XX asr boshlaridagi Qoʻqon soʻfiy shoiralari: Niso va Xoniy adabiy merosi” medialoyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida:

 

▪️ Shoiralarning yigʻma devonlari oʻzbek va turk tillarida nashr etiladi;

 

▪️ Ilmiy sharh va tahlillarga asoslangan monografiyalar tayyorlanadi;

 

▪️ Ekspozitsiyada shoiralarning portretlari, qoʻlyozmalari va sheʼrlaridan namunalar joylashtiriladi;

 

▪️ Interaktiv eksponatlar va vizual kontentlar orqali bu meros ommaga taqdim etiladi.

 

    Bu saʼy-harakatlar nafaqat ikki shoira shaxsiy merosini, balki ayol soʻfiy shoirlar fenomenini ham keng jamoatchilikka ochib berishi bilan ahamiyatlidir.

 

Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin
.