O‘zISM ravoqlarini joylashtirish muhokama qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining kirish qismi uchun yaratilayotgan rang-tasvir asarlarini joylashtirish bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Unda masʼul tashkilotlar rahbar va xodimlari, olimlar, sanʼatshunoslar va din arboblari ishtirok etdi.
Uchrashuvda markaz binosidagi 14 ta ravoqdan oxirgi ikkitasi uchun mo‘ljallangan asarlarning tayyorlanish jarayoni muhokama qilindi.
— Bu ikki ravoq juda ajoyib va muhtasham yaratilishi kerak. Biz bugun muhokama qilgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davri ravoqlari go‘zal ishlangan, ming yillik tarix va madaniyatimiz, allomalarimiz qiyofasi gavdalangan. Bugun shu ravoqlarning ikkitasi haqida gaplashdik. Demoqchi bo‘lganim, 14 ta ravoqning barchasi bir-birini to‘ldirib borishi va bir butun kompozitsiya yaralishi kerak — dedi, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Qurʼoni Karim zalidan o‘rin oladigan sakkizta gilam masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qurʼon zaliga qo‘yiladigan gilamlarni Qurʼon oyatlarining ketma-ketligi bo‘yicha joylashtirish uchun o‘z maslahatlarini berishdi va ularning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 yanvar kuni ushbu markazga qilgan tashrifi jarayonida bildirilgan fikrlar, mulohazalar va tavsiyalari asosida oxirgi uchta ravoq uchun mo‘ljallangan rang-tasvir asarlarning mavzulari qayta ko‘rib chiqilgan edi.
Mazkur asarlarni yaratish uchun maxsus rassomlar guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unga O‘zbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti sovrindori, akademik Alisher Aliqulov rahbarlik qiladi.
Ishning mashaqqatli tomonlaridan biri shundaki, tarixiy shaxslarning qiyofasini yaratishda ilmiy va ijodiy yondashuv talab qilinadi. Nafaqat tashqi qiyofani shakllantirish balki o‘sha davr nafasini berib turadigan sanʼat asari yaratish lozimligi taʼkidlandi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
