Diplomatiyaning “tili”: 500 yil avvalgi sirlar va siyosatda “pulning kuchi”


🔴Islom sivilizatsiyasi markazi oʻtmish sirlarini ochadi


🔴Davlat qudratining ramzi haqida haqiqatlar


    Har bir tanga — oddiy metall emas, balki butun bir davrning “pasport”idir. Unda iqtisod, siyosat, hatto hokimning qanchalik qudratli yo adolatli boʻlgani haqida maʼlumot yashiringan.


    Shuning uchun ham Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz ekspozitsiyasida numizmatikaga alohida oʻrin berdi. Bu yerda tangalar va muhrlar orqali tarix “jonlanadi”: savdo karvonlari, diplomatik munosabatlar, davlat qudrati va xalq turmushi goʻyo qayta sahnaga chiqadi. Shu bois ekspozitsiya nafaqat olimlar uchun, balki keng aholi qatlamlari uchun ham bebaho manba hisoblanadi.


     Tanga va muhrlar — davlat qudratining ramzi


    Numizmatika va sfragistika tarix fanining yordamchi sohalari sifatida oʻtmishdagi iqtisodiy munosabatlar, siyosiy tizim va madaniy muhitni oʻrganishda muhim oʻrin tutadi. Tanga va muhrlar oddiy aylanma vositasi emas, balki davlat hokimiyatining ramzi va huquqiy belgisi hisoblangan. XV–XIX asrlarda Markaziy Osiyoda zarb qilingan tangalar bu maʼnoda beqiyos manba boʻlib, savdo-sotiq, xazina siyosati, din va mafkura, shuningdek, hokimiyatning qonuniyligi kabi muhim masalalarni yoritib beradi.


     Shayboniylar va “pul kuchi”


    Muhammad Shayboniyxon XVI asr boshlarida Temuriylar sulolasi hukmronligiga barham berib, Movarounnahrda yangi siyosiy va iqtisodiy tizim yaratdi. Uning asosiy maqsadlaridan biri davlatni iqtisodiy jihatdan barqaror qilish edi. Shu maqsadda 1507 yilda Hirotni zabt etgach, pul islohoti amalga oshirildi. Yangi tizimda kumush tanganing vazni 4,8 grammdan 5,2 grammgacha oshirildi. Bu oddiy raqam emas, balki savdo-sotiqda ishonchni kuchaytirishga xizmat qilgan “iqtisodiy signal” edi.


    Tangalarda hukmdor nomi, unvoni va diniy shiorlarning zarb etilishi uning hokimiyatini rasmiylashtiruvchi huquqiy omil hisoblangan. Shu bilan birga, tangalardagi yozuvlar madaniy va siyosiy mazmunga ega boʻlib, xalq orasida hukmdorning nufuzini mustahkamlagan. Yaʼni Shayboniylar davrida epigrafik matnlarda uchragan “adl” (adolatli), “shirmard” (qahramon) kabi iboralar davlat zabtining haqiqiyligini va hokimiyatning qonuniyligini anglatgan.


     Diplomatiyaning “tili”


    Shayboniylar davrida tashqi savdo aloqalari kengaydi, Rossiya bilan ilk diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. 1558 yilda Buxoroga angliyalik savdogar va diplomat Entoni Jenkinson tashrif buyurdi. Tanga va pul tizimi nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro savdoda ham muhim ahamiyat kasb etgan, yaʼni diplomatiyaning “tili” boʻlgan. Bu jarayonda kumush va mis tangalar asosiy hisob vositasi sifatida xizmat qildi.


     Ashtarxoniylar davridagi iqtisodiy oʻzgarishlar


    1599 yilda Ashtarxoniylar hokimiyatga kelgach, tanga zarb qilish anʼanasi davom etdi. Ammo bu davrda Buxoro xonligida iqtisodiy muammolar ortib bordi. Shu bilan birga, tangalar dizaynida maʼlum yangiliklar koʻzga tashlandi: hukmdor nomi ramka ichida joylashtirildi, Tangalarda arab tilidagi iboralar saqlanib qoldi, ammo tildagi xalqonalik kuchaydi. Bu esa madaniy muhitning taraqqiyotidan darak beradi.


    Bu tangalardagi epigrafika nafaqat iqtisodiy ahamiyatga, balki siyosiy va madaniy mazmunga ham ega boʻldi. Xutbada hukmdor nomi tilga olinishi qanday ahamiyatli boʻlsa, tangalarda ham shu darajada muhim talab sifatida qonuniy hokimiyat belgisi aks ettirildi.


    Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi tangalar tarixiy jarayonlarni oʻrganish uchun boy manba boʻlib, ular iqtisodiy barqarorlik, davlatchilik anʼanalari va madaniy muhitning yorqin koʻrsatkichi hisoblanadi. Tanga va muhrlardagi yozuvlarni oʻrganish orqali oʻsha davr siyosiy ideologiyasi, diniy qarashlari va savdo yoʻllari haqida qimmatli maʼlumotlar olish mumkin. Shu jihatdan numizmatika ilmiy tadqiqotlar uchun beqiyos manba boʻlib qolmoqda. Shu bois Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiya tangalar va muhrlar orqali oʻtmishni bilishga chorlaydi.

 

     Ularning yordamida biz:


➖ oʻsha davrdagi iqtisodiy barqarorlikni,


➖ hokimiyatning qonuniyligini,


➖ savdo yoʻllari va diplomatik aloqalarni,


➖ xalqning diniy va madaniy qarashlarini oʻrgana olamiz.




 

Durdona Rasulova

P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.