Oʻzbekiston Qurʼonshunoslik markaziga aylanishi kutilmoqda: xalqaro mutaxassislar Toshkentda!


🔴 Noyob ekspozitsiya: tarixiy Qurʼon nusxalari zamonaviy texnologiya bilan uygʻunlashmoqda

 

🔴 Qurʼon tarixiga yangicha nazar: muzeyda interaktiv ekspozitsiyalar tayyorlanmoqda



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan “114 Qurʼon” loyihasi doirasida xalqaro hamkorlik va ilmiy muhokamalar faol davom etmoqda.

 

    Jumladan, Istanbul Universiteti professori Emek Ushenmez hamda Avstriyaning “Myuller&Shiller” kompaniyasi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm va kompaniya mutaxassislari bilan qoʻshma ishchi uchrashuv oʻtkazildi. Muzokaralarda Qurʼoni karim qoʻlyozmalaridagi xato va kamchiliklarni aniqlash, ularni ilmiy jihatdan tekshirish hamda ekspozitsiyaga joylashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 

    Mutaxassislar taʼkidlashicha, Qurʼon nusxalarini muzey ekspozitsiyalariga joylashtirish jarayoni nafaqat tashqi dizayn, balki ilmiy asos, tarixiy aniqlik va mazmuniy mukammallikni ham talab etadi. Xalqaro tajribaga ega ekspertlar bilan hamkorlikda ushbu jarayonning yuqori sifat va samaradorlikda taqdim etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.



 

    Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari maʼlum qilishicha, “114 Qurʼon” loyihasi yakunida nafaqat tarixiy qoʻlyozmalar, balki zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar ham namoyish etiladi. Bu tashrif buyuruvchilarga Qurʼon tarixi, uning turli nusxalari va ilmiy tadqiqotlari haqida yanada chuqurroq tasavvur hosil qilish imkonini berishi kutilmoqda.

 

    Mazkur yirik loyiha yakunlangach, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun mintaqada Qurʼonshunoslik yoʻnalishidagi eng nufuzli markazlardan biriga aylanishi kutilmoqda.