Toshga muhrlangan tarix
🔴 Xalqimiz tarixi va eʼtiqodlaridan soʻzlovchi manba
🔴 Maʼnaviy meros va uni saqlashning dolzarbligi
Qadimgi Choch qoyatosh rasmlari bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyasi boʻlimidan oʻrin olishi kutilayotgan boʻlib, xalqimiz maʼnaviy merosining tirik guvohi sifatida namoyish etilmoqda. Ushbu qoyalardagi tasvirlar insoniyatning ilk maʼnaviy ijodi sifatida jahon madaniy merosining muhim qismi hisoblanadi. Choch petrogliflari - gʻarbiy Tyanshan (Tangritogʻ) qoyalarida aks etgan. Ularda qadimiy insonlarning turmush tarzi, ovchilik va chorvachilik faoliyati, diniy eʼtiqodlari, urf-odatlari hamda ijtimoiy munosabatlari aks etgan. Shu bois ular “toshga bitilgan tarix” sifatida qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi. Markaziy Osiyo hududida, xususan, Toshkent vohasidagi Choch qoyalaridan topilgan tasvirlar nafaqat mahalliy ahamiyatga, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida ham katta oʻringa ega. Bu tasvirlar Fransiyadagi Lasko, Ispaniyadagi Altamira yoki Ozarbayjonning Qobuston yodgorliklari qatorida insoniyat sanʼat merosining bir boʻlagidir.
Ilk tadqiqotlar va yodgorliklarning oʻrganilishi
Choch qoyalaridagi tasvirlar haqida dastlabki maʼlumotlar XIX asr oxirida qayd etilgan. 1879 yilda rus olimi D.M. Gramenitskiy Xoʻjakent qoyalaridagi rasmlar haqida yozadi, keyinroq S.A. Lidskiy ular haqida qoʻshimcha maʼlumotlar keltiradi. XX asrning 40–50-yillaridan boshlab izchil ekspeditsiyalar oʻtkazilib, koʻplab yodgorliklar aniqlandi. G.V. Parfyonov, X.A. Alpisboyev, M.M. Xoʻjanazarov kabi olimlar bu sohada katta ishlar qildi. Xususan, M. Xoʻjanazarov 1990-yillarda maxsus monografiya tayyorlab, Choch qoyatosh rasmlarining ilmiy tasnifini yaratdi. Bu tadqiqotlardan ayon boʻlishicha, Choch qoyalaridagi tasvirlar miloddan avvalgi IV–III ming yillikdan to milodiy oʻrta asrlargacha boʻlgan davrni qamrab oladi.
Toshkentdan 70 km shimoliy-sharqdagi Xoʻjakent qoyalarida 90 dan ortiq rasmlar qayd etilgan. Ularning asosiy qismi ov manzaralari va hayvonlar tasvirlaridan iborat boʻlib, ayniqsa togʻ echkilari koʻp uchraydi. Rasmlar orasida odam tasvirlari ham topilgan boʻlib, ular qoʻllari keng yoyilgan, kamon koʻtargan yoki marosimiy holatda aks ettirilgan. Ayniqsa, qoyalarda uchta ayol surati aniqlangani Markaziy Osiyo qoyatosh sanʼatida oʻta nodir topilma hisoblanadi. Tadqiqotchilar bu tasvirlarni neolit–eneolit davriga mansub, deb baholaydilar. Xoʻjakent qoyalaridagi tasvirlar nafaqat turmush tarzi, balki qadimiy jamiyatning diniy eʼtiqodlari va urf-odatlaridan ham xabar beradi.
Gʻazalkent yaqinidagi Qoraqiyasoy darasida 1000 dan ortiq tasvir topilgan boʻlib, ular mazmun jihatidan juda boy va rang-barangdir. Ularda ov jarayonlari, tuya va ot karvonlari, aravalar, raqs va marosim sahnalari, qoplon, boʻri kabi yirtqich hayvonlar, turli geometrik va astronomik belgilar tasvirlangan. Qoraqiyasoy rasmlari Choch vohasining yirik savdo yoʻllari ustidan oʻtganidan dalolat beradi. Karvon va savdo manzaralari bu yerda iqtisodiy hayot ancha rivojlanganini, odamlar turli yoʻnalishlarda madaniy va savdo aloqalari olib borganini koʻrsatadi. Shuningdek, marosim va raqs sahnalari orqali qadimiy aholi maʼnaviy hayoti hamda diniy eʼtiqodlari ifodalanganini koʻrish mumkin.
Boshqizilsoy qoyalarida 600 dan ziyod tasvirlar uchraydi. Ular orasida ov sahnalari, hayvonlar, ayniqsa togʻ echkilari va qoplonning jang sahnalari, turli marosimiy harakatlar alohida ajralib turadi. Beldersoy qoyalarida esa ovchilar, hayvonlar va odamlar obrazlari koʻpchilikni tashkil qiladi, ayrimlarida esa raqs sahnalari tasvirlangan. Bu rasmlar orqali Choch aholisining maʼnaviy hayoti, estetik dunyoqarashi va turli marosimlari haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Maʼnaviy ahamiyat va bugungi vazifalar
Choch qoyalaridagi rasmlar asosan ikki usulda yaratilgan: tosh yuzasiga urilgan yoki oʻyib chizilgan petrogliflar va tabiiy boʻyoq – oxra bilan chizilgan tasvirlar. Ular baʼzan oddiy, sxematik shakllarda, baʼzan esa murakkab kompozitsiyalarda namoyon boʻladi. Masalan, ov sahnalarida odamlar, itlar va hayvonlar birgalikda harakatda aks ettirilgan. Bu tasvirlar qadimiy jamiyat hayotining jonli guvohi sifatida ahamiyat kasb etadi.
Choch qoyatosh rasmlari nafaqat arxeologiya, balki etnografiya, sanʼatshunoslik va tarix fanlari uchun ham muhim manba hisoblanadi. Ularning madaniy ahamiyati juda katta, chunki ular xalqimiz tarixiy xotirasini saqlaydi, milliy oʻzlikni anglash va yosh avlodni tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu yodgorliklar turizm va madaniy diplomatiyada ham katta ahamiyat kasb etadi.
Biroq bu sanʼat asarlari tabiiy omillar (shamol, yomgʻir, quyosh nurlari) va inson faoliyati (turizm, qurilish) sababli yoʻqolish xavfi ostida turibdi. Shu bois bugungi kunda ularni muhofaza qilish, raqamlashtirish va jahon hamjamiyatiga tanitish dolzarb vazifaga aylangan.
Qadimgi Choch qoyatosh rasmlari xalqimiz maʼnaviy dunyosi va tarixiy xotirasining tirik guvohi hisoblanadi. Ularda miloddan avvalgi ming yilliklardan to ilk oʻrta asrlargacha boʻlgan hayot, turmush va eʼtiqodlar tasvirlangan. Bu yodgorliklarni ilmiy jihatdan chuqur oʻrganish, muhofaza qilish va jahon hamjamiyatiga tanitish nafaqat milliy, balki umuminsoniy burchdir. Chunki qoyatosh rasmlari insoniyatning umumiy tarixini, uning madaniy merosini anglashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
P/S : Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
