Asrlar osha kelayotgan meʼmoriy moʻjiza
🔴 Noyob uslubga ega tarixiy yodgorlik
🔴Buxorodagi Minorai Kalon yoki Vobkent minorasidan qolishmaydigan meʼmoriy obida
Oʻzbekiston zamini tarixiy yodgorliklarga boy. Ana shunday betakror obidalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan. Noyob qurilish uslubiga ega, Qurʼon oyatlari bilan bezatilgan ushbu tarixiy meʼmoriy yodgorlik Buxorodagi Minorai Kalon yoki Vobkent minorasi qatorida sayyohlar uchun qimmatli manzillardan biridir.
Oʻzbekistondagi megaloyihada oʻz oʻrnini topgan maket
XII asrda, aniqrogʻi, 1108–1109 yillarda Saljuqiylar sulolasi hukmdori Sulton Sanjar davrida qurilgan Surxondaryodagi mashhur Jarqoʻrgʻon minorasining loyihasini mohir meʼmor Ali ibn Muhammad Saraxsiy ishlab chiqqan. Minoraning pastki qismidagi kufiy xatlarda ham aynan shu maʼlumotlar bitilgani tarixchilar tomonidan tasdiqlangan.
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan 80 dan ortiq tarixiy maketlar orasida Jarqoʻrgʻon minorasi maketi ham alohida oʻrin egallaydi. U zamonaviy texnologiyalar asosida, arxeologik va meʼmoriy oʻlchovlarga tayanilgan holda tayyorlanmoqda.
Noyob qurilish uslubi
Jarqoʻrgʻon minorasi boshqa minoralardan oʻzining gʻaroyib meʼmoriy yechimi bilan ajralib turadi. U sakkizburchakli poydevorga ega boʻlib, tanasi 16 ta yarim ustun bilan bezatilgan. Bu ustunlar minora tanasiga goʻyo toʻqilgan matodek koʻrinish berib turadi. Gʻishtlar vertikal va gorizontal tarzda terilgani esa ajoyib naqshlar hosil qilgan.
Bu usul “gofr” deb ataladi va Sharq meʼmorchiligida juda kam uchraydi. Shu bois Jarqoʻrgʻon minorasi meʼmoriy jihatdan alohida qimmatga ega.
Qurʼon oyatlari bilan bezatilgan minora
Minoraning yuqori qismida “Bismillahir rohmanir rohim” hamda “Tavba” surasining 18-oyati kufiy xati bilan gʻishtlar orasiga naqshlanib yozilgan. Bu holatdan maʼlum boʻladiki, inshoot faqat meʼmoriy yodgorlik emas, balki muqaddas ilohiy makon sifatida ham koʻrilgan.
Balandligi 50 metrga yetgan moʻʼjiza
Tarixiy manbalarga koʻra, Jarqoʻrgʻon minorasi dastlab 42–50 metr balandlikka ega boʻlgan. Vaqt oʻtishi, turli tabiiy ofatlar va inson omillari tufayli uning bir qismi vayron boʻlib, hozirda 21,6 metri saqlanib qolgan. Pastki qismi 5,4 metr, yuqori qismi esa 4,1 metr diametriga ega. Ichki qismida aylanma zinapoya boʻlib, undan maxsus eshik orqali kirilgan.
Sayyohlar uchun qimmatli manzil
Jarqoʻrgʻon minorasi – Buxorodagi Minorai Kalon yoki Vobkent minorasi qatorida Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining yorqin namunasi. Uning dekorativ yechimlari va geometrik naqshlari Eron, Afgʻoniston va Hindiston meʼmorchiligi bilan mushtaraklikka ega.
Hozirda minora davlat muhofazasi ostida boʻlib, mahalliy va xorijiy sayyohlarning qiziqish bilan tomosha qiladigan maskanlaridan biriga aylangan.
Goʻzal Beknazarova
P/S: Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
