Bir shoir, bir ixtiro va bir millatning musiqa tarixi…
🔴Oʻtgan asrda Xorazmda yaratilgan oʻlmas kod haqida eshitganmisiz?
🔴Xalq musiqasini yoʻqolishdan kim asrab qolgan?
Hozirgi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida “Komil Xorazmiy” medialoyihasi doirasida uning merosini targʻib qilish, eksponatlar, mulyajlar va multimedia mahsulotlar yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu alloma nomi va ijodini keng ommaga yetkazishda muhim qadam boʻlmoqda.
Markaziy Osiyo, xususan, Xorazm zamini asrlar davomida koʻplab ulugʻ allomalar, olim va ijodkorlarni dunyoga tanitdi. Bu yurtdan yetishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi ulugʻ siymolar insoniyat taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan. XIX asrda Xorazm madaniy va maʼnaviy hayotining ravnaqi esa Muhammad Rahimxon Feruz nomi bilan chambarchas bogʻliq boʻldi.
Feruz xonlikda maʼrifat va sanʼatga keng yoʻl ochib berdi, koʻplab shoir va olimlarni saroy atrofiga toʻpladi. Ana shu maʼrifat muhitida shoir, davlat arbobi va musiqashunos Muhammadniyoz Komil (Komil Xorazmiy) yashab ijod etdi. Uning nomi, ayniqsa, oʻzbek milliy nota yozuvi – “tanbur chizigʻi” ixtirosi bilan tarixga abadiy muhrlandi.
Hayoti va siyosiy faoliyati
Komil Xorazmiy 1825 yilda Xivada tugʻilgan. Otasi Abdulla Oxund madrasada dars bergan. Yoshligidan ilm va sheʼriyatga qiziqqan Komil Xorazmiy avval eski maktabda, soʻng Xiva madrasalarida tahsil oldi. Taʼlim olish jarayonida fors va arab tillarini puxta oʻrgandi, sheʼr yozishga qiziqdi va tez orada el orasida mashhur shoirga aylandi.
Uning sheʼriyatdagi taxallusi “Komil” boʻlib, gʻazal va qasidalarida vatan, maʼrifat, adolat va insonparvarlik gʻoyalari yetakchi oʻrin tutdi. Komil Xorazmiy faqat shoir emas, balki xattot va tarjimon sifatida ham koʻplab asarlarni xalqka yetkazdi.
Komil Xorazmiy siyosiy hayotda ham faol boʻlib, Xiva xonligida mirzaboshi lavozimigacha koʻtarildi. 1873 yilda Rossiya qoʻshinlari Xivaga yurish qilganida u sulhparvarlik siyosati tarafdori boʻlib chiqdi. Aynan Komil Xorazmiyning diplomatik faoliyati tufayli Xiva xonligi toʻliq yoʻq boʻlib ketishdan asrab qolindi va xalq ommaviy qirgʻindan qutulib qoldi.
Shu bois uning faoliyati oʻsha davrda ham rus tarixchilari (F. Lobosevich, Makgaxan) tomonidan, ham mahalliy muarrixlar tomonidan qayd etilgan. Ayrim manbalarda Komil Xorazmiyning murosaga moyilligi tanqid qilinsa-da, amalda uning harakatlari yurtni saqlab qolishga xizmat qilgani tarixiy haqiqatdir.
Milliy nota yozuvi – “tanbur chizigʻi”
XIX asr oxirida Muhammad Rahimxon II (Feruz) xalq kuylarini qogʻozga tushirish gʻoyasini ilgari surdi. Bu vazifa Komil Xorazmiyga yuklatildi.
Komil Xorazmiy 1873–1874 yillarda “tanbur chizigʻi” nomli milliy nota yozuvini yaratdi. Uning asosiy xususiyatlari quyidagilar edi:
▪️ tanbur pardalariga mos holda ufqiy chiziqlar tuzish;
▪️ har bir zarb va harakatni maxsus nuqtalar bilan belgilash;
▪️ yuqori va past zarblarni ajratish uchun turli belgilardan foydalanish;
▪️ maqomlarni xonalarga ajratish orqali kuyning tuzilishi va ritmini aniq koʻrsatish.
Komil Xorazmiy ilk bor “Segoh” maqomini shu usulda qogʻozga tushirdi. Keyinchalik uning oʻgʻli Muhammad Rasul Mirzaboshi ushbu tizimni takomillashtirib, butun Shashmaqomni yozib chiqdi. Shu tariqa xalq musiqasi tarixda birinchi marta notalar orqali toʻliq hujjatlashtirildi.
Xorazm maqomlari va ularning ahamiyati
Xorazm maqomlari – oʻzbek musiqa merosining eng yuksak namunasi hisoblanadi. Ular nafaqat xalqning ruhiy dunyosi, balki milliy madaniyatning uzviy qismi sifatida yuksak qadrlanadi.
Komil Xorazmiyning “tanbur chizigʻi” orqali maqomlar qogʻozga tushirilgani ularning yoʻqolib ketmasligini taʼminladi. Bu esa nafaqat milliy musiqa sanʼatini saqlab qolish, balki uni kelgusi avlodlarga yetkazishda beqiyos ahamiyatga ega boʻldi.
Bugungi kunda ushbu notalarning qator nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Milliy arxiv, Davlat konservatoriyasi muzeyi va turli shaxsiy toʻplamlarda saqlanmoqda.
Komil Xorazmiy va xattotlik sanʼati
Komil Xorazmiy nafaqat maʼrifatparvar shoir, balki mahorati baland xattot sifatida ham tanilgan. U XIX asrda Xiva xonligida yashab, oʻzining nafis xat yozish sanʼati bilan mashhur boʻlgan. Uning xattotlik mahoratlari koʻplab qoʻlyozma asarlarda, ayniqsa, ilm-maʼrifatga bagʻishlangan kitoblarda aks etgan.
Komil Xorazmiy koʻplab qoʻlyozma asarlarni nusxa koʻchirgan va ularni xushxatlik bilan bezagan. Uning xatlari nafaqat aniqligi, balki nafisligi bilan ham eʼtiborga sazovor boʻlgan. Shuningdek, u yozuv uslublarining turli shakllarini oʻzlashtirib, ularni takomillashtirishga hissa qoʻshgan.
Komil Xorazmiy merosining ahamiyati
Komil Xorazmiy nafaqat shoir va davlat arbobi, balki xalq maʼnaviyatini asrab qolgan ulugʻ maʼrifatparvar sifatida tarixga kirdi. U yaratgan milliy nota yozuvi oʻzbek musiqasi taraqqiyotiga katta turtki berdi.
Shuningdek, uning sheʼrlari, tarjimalari va xattotlik sanʼati ham xalq maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutadi. Uning ijodi XX asrda turli nashrlar orqali xalqqa yetkazildi, maktab va oliy oʻquv yurtlari darsliklariga kiritildi.
Komil Xorazmiy shaxsiyatida millatning yuksak maʼnaviyati, vatanparvarlik ruhi va ilmiy-ijodiy yangiliklarga intilishi mujassam. Uning “tanbur chizigʻi” nomi bilan mashhur milliy nota yozuvi oʻzbek musiqa madaniyatini yangi bosqichga koʻtardi.
Shu bois, Komil Xorazmiy nomi nafaqat Xorazm, balki butun oʻzbek xalqi madaniyati tarixida abadiy saqlanadi. Uning merosi esa kelajak avlodlar uchun ham ilhom va iftixor manbai boʻlib qolaveradi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
