Mamlakat bo‘ylab moddiy va maʼnaviy boyliklarni aniqlash maqsadida maxsus ekspeditsiyalar tashkil etiladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi, “Hunarmand” uyushmasi va Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda markaz ochilishiga tayyorgarlik, mamlakatimizning turli hududlaridagi moddiy va maʼnaviy boyliklarni aniqlash maqsadida ekspeditsiyalar tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov o‘z so‘zida ochilishga sanoqli oylar qolganini taʼkidlar ekan, bu yirik loyihani amalga oshirishda xorijiy muzey va tashkilotlar – Ermitaj, Yaponiyaning Mixo muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Turkiya va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik kengayganini qayd etdi.
"Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga sanoqli oylar qolmoqda. Buning uchun barchamiz imkoniyatlarni safarbar etib, zimmamizdagi vazifalarni sidqidildan bajarimishiz kerak. Bu borada Rossiya Davlat Ermitaj muzeyi, Din tarixi muzeyi, Yaponiyaning Mixo muzeyi, Turkiyadagi To‘pqopi saroyi, Britaniya kutubxonasi singari bir qator xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilyapmiz. Bu borada mamlakatimizdagi qator davlat va nodavlat tashkilotlar ham biz bilan doimiy hamkorlik qilmoqda. Buning uchun barchaga minnatdorlik bildiramiz", — dedi Markaz rahbari.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik tizimidagi barcha muassasalar mazkur markaz ekspozitsiyasini mazmunan boyitishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda Ermitaj muzeyida saqlanayotgan O‘zbekistonga mansub hunarmandchilik buyumlari nusxalarini yaratish, ularni ekspozitsiyada namoyish etish masalasi ham muhokama qilindi. “Hunarmand” uyushmasi bilan ushbu yo‘nalishda amaliy hamkorlik boshlangani maʼlum qilindi.
Shuningdek, mamlakat hududlarida saqlanayotgan moddiy va maʼnaviy boyliklarni aniqlash uchun tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat maxsus ekspeditsiyalar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi